2020-yilning 16–29-sentabr kunlari mehnat migratsiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyada bo‘lib qaytgan edi.

Foto: Zen.yandex.ru

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lum qilishicha, tashrif doirasida Rossiyaning yirik ish beruvchi kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, O‘zbekiston fuqarolarini ushbu korxonalarga ishga jalb qilish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilgan.

Ushbu kelishuvlar doirasida “Gazprom” kompaniyasining Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi qator qurilishlarda ishlash uchun 231 nafar fuqaro Navoiy xalqaro aeroportidan charter reys orqali jo‘nab ketdi.

Ta’kidlanishicha, ularning transport, ovqatlanish, patent va yashash xarajatlari, agarda ishchi koronavirus bilan kasallansa, uning davolanishi ish beruvchi kompaniyalar tomonidan ta’minlanishi belgilangan.

Avvalroq Rossiyaning ayni viloyatidagi qurilishda ishlash uchun 346 nafar o‘zbekistonlik jo‘nab ketgani xabar qilingandi.