Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori to‘g‘oni yorilganidan buyon o‘tgan davrda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 13-oktabr kuni Sirdaryo viloyatiga borgani xabar berilgan edi. Davlat rahbari safari davomida Oqoltin tumani “Nurafshon orzu bo‘stoni” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, paxta hosilini ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, bu g‘o‘zalarni yetishtirishning o‘zi bo‘lgani yo‘q. Chunki Sardoba suv ombori toshqini qishloq xo‘jaligiga ham katta zarar yetkazgan, xususan, Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi 20 ming gektarga yaqin ekin maydonini suv bosgandi. Hosilni asrab qolish uchun ko‘chma nasoslar yordamida suv qochirilib, yer kultivatsiya va chopiq qilindi. Imkonsiz joylarda paykallar buzilib, qaytadan boshqa ekinlar ekildi.

“Nurafshon orzu bo‘stoni” fermer xo‘jaligi “Oqoltin APK” paxta to‘qimachilik klasterining hamkoridir. Shu yerda klasterlar rahbarlari va fermerlar bilan muloqot bo‘ldi. Paxtani qayta ishlab, xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirib, qo‘shimcha qiymat yaratish muhimligi ta’kidlandi.

“Klaster va manfaatdorlik — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining kelajagi. Ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etmay turib, bu sohani raqobatbardosh qilib bo‘lmaydi”, — degan Prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mazkur klaster tomonidan 2021—2022-yillarda amalga oshiriladigan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, Oqoltin tumanida yiliga 30 ming tonna chigitni qayta ishlash bo‘yicha qiymati 4 million dollar hamda 50 ming tonna donni qayta ishlash bo‘yicha qiymati 5,8 million dollar bo‘lgan loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.