Futbol bo‘yicha Angliya Premyer Ligasining 4-turida “Manchester Yunayted” 4-oktabr, yakshanba kuni “Tottenhem”ni qabul qildi.

Foto: Twitter

Uchrashuvning ilk daqiqasidayoq mezbonlar penalti ishlab oldi, uni Brunu Fernandesh golga aylantirgan holda hisobni ochdi. Biroq London klubi bunga tezda ikkita gol bilan javob qaytardi: 4-daqiqada Tangi Ndombele hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, oradan uch daqiqa o‘tib Son Hyon Min Harri Keynning uzatmasidan unumli foydalandi.

Buning ustiga 28-daqiqada maydon egalari bir o‘yinchi kam bo‘lib qoldi: Antoni Marsyal raqib futbolchisining yuziga zarba bergani uchun qizil kartochkaga loyiq ko‘rildi.

Chetlatishdan keyin to‘liq ustunlik Joze Mourinyo shogirdlari tomoniga o‘tdi. Tanaffusga qadar mehmonlar Xarri Keyn va Sonning gollari evaziga hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi.

Ikkinchi bo‘limda “Tottenhem” yana ikki bor “qizil iblislar” darvozasini ishg‘ol qildi. 51-daqiqada Serj Orye jamoasining to‘rtinchi golini urgan bo‘lsa, o‘yin yakunlanishi arafasida Harri Keyn penaltini aniq bajarib yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Ushbu g‘alabadan keyin “Tottenhem”ning ochkolari 7 taga yetdi va jamoa 5-o‘ringa ko‘tarildi. “Manchester Yunayted” esa 3 ochko bilan 16-pog‘onaga tushib ketdi.

APL

4-tur bahsi

4-oktabr, yakshanba

“Manchester Yunayted” — “Tottenhem” 1:6

Gollar: 1:0 – 2, penalti Brunu Fernandesh, 1:1 – 4 Ndombele, 1:2 – 7 Son Hyon Min, 1:3 – 30 Keyn, 1:4 – 37 Son Hyon Min, 1:5 – 51 Orye, 1:6 – 79, penalti Keyn.

“Manchester Yunayted”: De Xea, Bayi, Shou, Maguayr, Uan-Bissaka, Matich (Maktominay, 46), Brunu Fernandesh (Fred, 46), Pogba, Marsyal, Reshford, Grinvud (van de Bek, 68).

“Tottenhem”: Lyoris, Regilon, Sanches, Orye, Dayer, Heyberg, Sissoko, Lamela (Lukas Moura, 46), Ndombele (Alli, 69), Son Hyon Min (Devis, 73), Keyn.

Ogohlantirishlar: Lamela (32), Bayi (63), Shou (84).

Chetlatish: Marsyal (28).

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!