Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyati tumanlaridagi bo‘limlari rahbarligiga agentlik suhbatidan o‘tgan nomzodlar tavsiya qilingan bo‘lsa-da, tashkilotning viloyat boshqarmasi rahbari Shohjahon Omonov ayrim hududlarga boshqa, Toshkent tavsiya etmagan va umuman suhbatda bo‘lmagan kadrlarni tayinlagan, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i kotibiyati mudiri vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelgan Shohjahon Omonov 5-avgust kuni Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev rahbarligida Zoom orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbari etib tayinlangan. Shundan so‘ng boshqarmaning tuman va shahar bo‘limlari boshliqlarini tayinlash uchun agentlikning respublikadagi mas’ullari ishtirokida 15 ta shahar va tuman hokimlari tomonidan nomzod qilib ko‘rsatilgan 45 nafar mutaxassis bilan suhbat o‘tkazilgan.

Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sarvar Ashurov tomonidan agentlikning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shohjahon Omonovga 19-avgust kuni yuborilgan xatda: “Suhbat natijalariga ko‘ra, 1-ilovadagi munosib deb topilgan nomzodlar bilan 2020-yil 19-avgustdan boshlab belgilangan tartibda uch oy sinov muddati bilan mehnat shartnomalari tuzishingiz hamda ularning ish faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishingizni so‘raymiz” deyilgan. 1-ilovada Shahrisabz shahri va 10 ta tumanga bo‘lim boshlig‘i sifatida tayinlanishi tavsiya etilgan mutaxassislarning ism-sharifi keltirilgan edi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Jumladan, Dehqonobod tumani hokimi ko‘rsatgan uch nomzod orasidan Adham Qulmamatov agentlik suhbatidan o‘tib, tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tavsiya etilgan. Viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shohjahon Omonov esa Adham Qulmamatovga bu haqda xabar berib u bilan mehnat shartnomasi tuzish o‘rniga, uning o‘rniga boshqa nomzod — Oybek Normurodovni “qo‘ygan”.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Bundan tashqari, suhbat  yakunlariga ko‘ra agentlikning Chiroqchi tuman bo‘limi boshliqligiga tavsiya qilingan Alisher Beknazarov ham e’tibordan chetda qolib, viloyat boshqarmasi tuman hokimligidan boshqa uch nomzod so‘ragan. Bunga sabab sifatida Beknazarov lavozimga o‘tishni rad etgani ko‘rsatib o‘tilgan.

“Men suhbat kuni natijani deyarli bilib bo‘lgandim. Boisi men bilan suhbatga borgan ikki nafar nomzod suhbatdan qoniqarli o‘tmaganini aytgandi. Men bilan suhbat qilgan agentlik vakili esa savollarga qoniqarli javob berganimni bildirib, ish boshlasam nimalarga e’tibor berishimni so‘ragandi. Xullas, respublikadan kelgan xatda ham o‘zim ko‘rsatilganimni bilgandim. Biroq bu haqda menga na Shohjahon Omonov va na boshqarmaning kadrlar bo‘limi xabar berdi. Bularning javobini kuta-kuta hafsalam pir bo‘lgach, o‘zimning ishimni davom ettiryapman”, — deydi agentlikning Chiroqchi tuman bo‘limi boshliqligiga tavsiya qilingan Alisher Beknazarov.

G‘uzor tumanida ham shunday holat kuzatilgan. Tuman hokimi tomonidan ko‘rsatilgan uch nomzodning ikki nafari agentlik mas’ullari o‘tkazgan suhbatda qatnashgan va suhbatdan Nodirjon Saidov o‘tgan. Biroq agentlikning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi respublika tashkiloti tavsiyasiga zid o‘laroq Saidov bilan shartnoma imzolamagan — unga hatto suhbatdan o‘tgani ham aytilmagan. 18-sentabr kuni “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Nodirjon Saidov shu kunga qadar suhbatdan o‘tganidan bexabarligini aytgan.

Shohjahon Omonov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda bu ishlar hokimlar bilan kelishilgan holda qilinganini, bu ishlarni qilish uchun hokimlardan tavsiya xatlari olinganini bir necha bor takrorladi (bunda Omonov tuman va shahar hokimlari tomonidan Yoshlar ishlari agentligiga suhbatdan o‘tkazish uchun ko‘rsatgan uch kishilik nomzodlarni nazarda tutgan).

Uning ta’kidlashicha, Chiroqchi va G‘uzor tumanlaridan tashqari, Shahrisabz shahar bo‘limi boshliqligiga tavsiya etilgan nomzod ham lavozimga o‘tishni rad etgan, shu sababdan ularning o‘rniga nomzod izlanayotganini bildirgan. Omonovning qo‘shimcha qilishicha, lavozimni rad etgan nomzodlar qarorlari haqida og‘zaki tarzda bildirgan (Chiroqchi va G‘uzor bo‘limlari boshliqligiga tavsiya etilgan nomzodlarga esa ular suhbatdan o‘tganini ham bildirilmagani haqida yuqorida yozildi).

Ushbu holat yuzasidan izoh olish maqsadida “Daryo” muxbiri Yoshlar ishlari agentligi bilan bog‘landi. Agentlikning kadrlar masalasi bo‘yicha mas’uli Shomurod Sattorov tashkilotning hududiy boshqarmalarga chiqarilgan tavsiya xati “yuridik kuchga ega emas”ligini ta’kidladi.

“Agentlikning tuman bo‘limi rahbarlarini lavozimiga tayinlash boshqarma boshlig‘i vakolatiga kiradi. Shunday bo‘lsa-da, biz suhbat asosida nomzodlarni saralab, boshqarmaga xat chiqarganmiz. Ammo bu xatimiz yuridik kuchga ega emas, faqat tavsiyaviy xarakterga ega. Qolaversa, ijtimoiy adolat nuqtayi nazaridan agentlikning tuman va shahar bo‘limlariga Yoshlar ittifoqining hududiy rahbar kadrlari qo‘yilishi to‘g‘ri deb o‘ylayman”, — dedi Sattorov

 

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Qiziq, agar kimni qayerga rahbar etib tayinlash viloyat boshqarmasi boshlig‘i vakolatidagi masala bo‘lsa, shuncha odamni ovora qilish — tuman va shahar hokimlaridan tuman bo‘limlari boshliqligiga nomzod ko‘rsatishni so‘rash, so‘ng nomzod qilib ko‘rsatilgan 30-40 kishini ishidan qoldirib, ularni suhbatga chaqirish, “yuridik kuchi yo‘q” tavsiya xatiga kiradigan “rahbarlar”ni tanlab beradigan mas’ullarni safarbar qilishdan — shuncha ko‘zbo‘yamachilikdan nima naf?

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ilon Mask Twitter’da Apple reklamalari tiklanganini e’lon qildi
Dunyo
Turkiyaning Kizilelma qiruvchi droni ilk parvozni amalga oshirdi (video)
Dunyo
Xitoy Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatdimi?