Amerikadagi Bonhams auksioni orqali 1963-yilda ishlab chiqarilgan oq Lincoln Continental kabrioleti sotuvga qo‘yildi. Mazkur avtomobilda o‘limidan bir necha soat oldin AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi va uning rafiqasi Jaklin harakatlangan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Bonhams

Oq Lincoln Continental Jon Kennedi hamda uning rafiqasiga 1963-yilning 21-noyabrida Fort-Uortga amalga oshirgan tashrifi vaqtida taqdim etilgan. Ertasi kuni 35-prezident aynan ushbu mashinada Dallasga yo‘l olgan. Shunday qilib, auksion orqali sotuvga qo‘yilgan nusxa Kennedi tirikligida mingan so‘nggi avtomobil hisoblanadi.

Foto: Bonhams

Boy tarixga ega bo‘lishiga qaramay 57 yoshli Lincoln ajoyib holatda saqlangan. Sotuvchining so‘zlariga ko‘ra, avtomobil to‘liq restavratsiya qilingan. Biroq unda harakatlanishning iloji yo‘q. Prezident uchun mo‘ljallangan Continental faqatgina kolleksiyada saqlash uchun bo‘lib, uning umumiy foydalanish yo‘llarida harakatlanishga ruxsati yo‘q.

Foto: Bonhams

Lincoln Continental kapoti ostidan 345 ot kuchiga ega 7,6 litrli V8 benzin dvigateli o‘rin olgan. Kabriolet agregati uch pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Model saloni qora charmdan ishlangan. Auksion uyi mutaxassislari mashinani 500 ming dollarga baholagan.

Foto: Bonhams

Foto: Bonhams

Foto: Bonhams

Foto: Bonhams

Foto: Bonhams

Avvalroq Jon Kennedining rafiqasiga tegishli uy 65 million dollarga sotilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.