Xonanda Mohira Asadova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Shuhrat Qayumovning vafotiga qanday kasallik sabab bo‘lgani haqida Facebook’dagi sahifasida yozib qoldirdi.

Foto: Madaniyat vazirligi axborot xizmati

Bundan ikki yilcha avval Shuhrat Qayumov bilan bir syomka davomida ancha suhbatlashib qolganimizda u kishi ko‘p vaqtdan beri betobligi va bu betobligining sababi esa viloyatlarning birida o‘tkazgan to‘y marosimida ochiq va sershamol bo‘lgan yerda terlab turib, qo‘shiq aytgani va shu tadbirdan so‘ng ikki tomonlama pnevmoniya bo‘lgani, bu kasallikning davomi esa saraton kasalligiga ulanib ketgani va bu kasallikka davo izlab Moskva shahriga borib kelgani haqida tushkun bir kayfiyatda so‘zlab berib, meni g‘amgin qilgan edi.

Ming afsuski, bu bedavo dard bugun safimizdan yana bir do‘stimizni olib ketdi... Yaxshi suxandon, xonanda, samimiy va kamtarin inson Shuhrat Qayumov o‘z muxlislari qalbida abadiy yashaydi. Ruhingiz shod, oxiratingiz obod bo‘lsin, do‘stim, diydor qiyomatga qoldi.

Mohira Asadova, xonanda

Ma’lumot uchun, taniqli suxandon va xonanda Shuhrat Qayumov 22-sentabr kuni vafot etdi.