Qashqadaryoning Kitob tumanida mahalliy ma’muriyat kambag‘allik ro‘yxati (“temir daftar”)ga kiritilmagan shaxslarga yer ajratib bergan, deya xabar berdi “Kun.uz”. Biroq nashr “ ‘Temir daftar’ bo‘yicha navbatdagi spektakl. Rollarda yana mahalla raisi va tuman mutasaddilari” sarlavhasi ostida e’lon qilingan maqolani o‘chirib tashlagan. Material 15-sentabr kuni soat 21:20 da e’lon qilingan edi (uni 15 ming martadan ko‘proq o‘qishgan) va uning nusxasi Google keshida saqlanib qolgan.

O‘chirilgan maqolaning Google keshida qolgan nusxasidan skrinshot.

Foto: “Gazeta.uz”

Ta’kidlanishicha, Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 7—8-sentabr kunlari kambag‘allik ro‘yxati (“temir daftar”)ga olingan oilalar holati bilan tanishish, ularga ko‘rsatilayotgan yordamni o‘rganish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga press-tur tashkil qilgan.

Foto: “Kun.uz”

Taklif qilingan jurnalistlar orasida o‘chirilgan maqola muallifi — Ilyos Safarov ham bo‘lgan; u Kitob tumani hokimi Alisher Zokirovga asoslanib, “Yakkatut” mahallasida 81 nafar fuqaro oilaviy sharoiti og‘irligi va pandemiya vaqtida daromadini yo‘qotgani uchun “temir daftar”ga kiritilgani haqida yozgan.

Maqolada qayd etilishicha, Alisher Zokirov olti nafar ehtiyojmand fuqaroga “samarasiz” deya hisoblangan 10 gektar bog‘ hududi sabzavotchilik bilan shug‘ullanish uchun bo‘lib berilganini ma’lum qilgan. Mahalla raisi Bahodir Yangiboyev esa bu olti fuqaro “yaqin orada kambag‘allik ro‘yxatidan chiqarilishi, chunki endi ular doimiy daromadli kishilar” ekanini aytib o‘tgan.

Ammo taqdim etilgan ismlarni ko‘rsatilgan kishilarning ismlari bilan solishtirib ko‘rilganida, bu olti kishidan faqat bir nafari mahalla “temir daftari”ga kiritilgani, yana bir fuqaroning holati bahsli ekani ma’lum bo‘lgan. Ilyos Safarovning ma’lum qilishicha, mahalla raisi Bahodir Yangiboyev bunga yer olgan odamlarning o‘zi va ularning bilimsizligi sabab ekanini ko‘rsatib, mujmal javob bergan.

Bahodir Yangiboyev.

Foto: “Kun.uz”

“Shu yerda kartoshka ekkanlar biz ham ‘temir daftar’da bormiz, deb o‘ylashdi. Ular tushunmagan”, — deya vaziyatni izohlagan mahalla raisi.

Ayni vaqtda tuman hokimi Alisher Zokirov yer bo‘lish jarayonida yer olganlardan faqat ikki nafari haqiqatan ham “temir daftar”da bo‘lganini tan olgan. “O‘sha paytda siz savol berganingizda mahalla raisi olti kishi deb aytdi. Surishtirib ko‘rganimizda esa men adashdim, deyapti. Lekin o‘sha joyda siz ko‘rgan insonlarning barchasi kam taminlangan kishilar edi, ammo ularning hammasi ham ‘temir daftar’ga kirmagan”, – deya tuman hokimining so‘zlarini keltirmoqda “Kun.uz”.

Alisher Zokirov.

Foto: “Kun.uz”

Jurnalist Ilyos Safarovning ta’kidlashicha, mahalla raisi tuman mutasaddilaridan aholi bilan birgalikda jurnalistlarning kelishiga tayyorgarlik ko‘rish haqida topshiriq olgan. Bundan tashqari, yer olgan ehtiyojmand fuqarolardan biri uning ismi “temir daftar”da ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ro‘yxatda borligidan bexabarligini bildirgan.

Maqolada ijobiy holatlar ham keltirib o‘tilgan edi. Xususan, shu mahallada istiqomat qiluvchi, “temir daftar”ga kiritilgan 80 yoshli Norchuchuk Begaliyeva muntazam un, yog‘, guruch, makaron va go‘sht olib turgani, yaqinda ham 1 million so‘m yordam puli tashlab ketishganini ta’kidlab o‘tgan.

Norchuchuk Begaliyeva

Foto: “Kun.uz”

Avvalroq “Kun.uz” Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida “Qo‘qoni” mahallasi raisi va tuman prokurori ishtirokida “spektakl” qo‘yilgani haqida yozgan edi. Maqolada mahalla raisi Husniddin Tursunov “temir daftar”ga kiritilgan va uyida 1000 ta jo‘ja boqib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlagan deb jurnalistlarga ko‘rsatgan fuqaro aslida uning o‘z o‘g‘li Doston Tirkashev bo‘lib chiqqani haqida so‘z boradi. Ayni vaqtda Tursunov tuman prokurori (sektor rahbari) Asror Valiyev uning o‘g‘liga tadbirkorlik faoliyatini yuritishda yordam berayotganini ta’kidlagan.

Ushbu “spektakl” haqidagi maqola e’lon qilingach, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov yuz bergan voqea yuzasidan Pastdarg‘om tumanining o‘zida mahalla faollari bilan yig‘ilish o‘tkazgan edi, mahalla raisi Husniddin Tursunov lavozimdan bo‘shash haqida ariza yozgan. Bosh prokuratura esa ushbu voqeadan so‘ng tuman prokurori Asror Valiyevga hayfsan berilganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda “temir daftar”ga karantin sharoitida ishsiz, daromadsiz qolgan yordamga muhtoj oilalar kiritiladi, ro‘yxatga kiritilganlar mahalla orqali davlatdan pul ko‘rinishida yordam olishi mumkin. “Temir daftar” ro‘yxati mahalla raisi tomonidan sektor va hudud rahbari bilan birgalikda uyma-uy yurish va aholining moddiy-maishiy sharoitlarini o‘rganish asosida shakllantiriladi, ehtiyojmandlar haqidagi ma’lumotlar maxsus bazaga kiritib boriladi.

Ro‘yxatga quyidagi toifadagi oilalar kiritiladi:

  • Oilaning mehnatga layoqatsiz nogironlari va surunkali kasallikka chalinganlar;
  • Yakka yolg‘iz keksalar, bevalar va o‘zgalar qaramog‘iga muhtojlar;
  • Besh va undan ortiq farzandi bor oilalar;
  • Karantin choralari natijasida daromad manbaini yo‘qotganlar;
  • Haqiqatda ehtiyojmand, nochor va moddiy ko‘makka muhtojlar.

Ro‘yxatga kiritilgan oilalarga, moddiy yordamdan tashqari, ishga joylashish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda ham ko‘mak ko‘rsatiladi.