AOKA huzuridagi shtabda 17-sentabr kuni Xalq ta’limi vazirligi ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova joylarda maktab darsliklari borasida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan izoh berib o‘tdi.

Foto: “Marifat.uz”

“O‘tgan o‘quv yili pandemiya sharoitida tugatilganligi sababli o‘quvchilardan darsliklarni to‘liq yig‘ib olish imkoniyati bo‘lmadi. Ayni vaqtda maktablarning 75 foizida an’anaviy ta’lim jarayoni boshlanmagani uchun foydalanilgan darsliklar maktabga qaytarilmagan. Shu bois o‘quvchilarning darsliklar bilan ta’minlanishida muammolar yuzaga kelmoqda.

Bundan tashqari, karantin davrida ba’zi bosmaxonalarda kitob chop etish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. 2020-yil 1-oktabrgacha barcha maktablar darsliklar bilan to‘liq ta’minlanishi chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Darsliklar bilan to‘liq qamrab olingunga qadar o‘quvchilar elektron darsliklardan foydalanishlari mumkin. Darsliklar elektron varianti Xalq ta’limi vazirligi axborot-ta’lim portali (eduportal.uz) va rasmiy veb-saytga (uzedu.uz) joylashtirilgan”, – dedi Rustamova.

Avvalroq O‘zbekistonda ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun ilk bor 10 va 11-sinf darsliklari chop etilishi ma’lum qilingandi.