Osiyo Chempionlar Ligasi 4-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” — “Al-Hilol” uchrashuvi oldidan toshkentliklar bosh murabbiyi Shota Arveladze va jamoa futbolchisi Jaloliddin Masharipov matbuot anjumanida qatnashdi.

Foto: “Paxtakor” FK

O‘yinga imkon qadar yaxshi tayyorlanishga intildik. Yaxshi dam olgan holda, mashg‘ulotda ishlash orqali yigitlarni hozirlayapmiz. O‘yingacha yana bir mashg‘ulot o‘tkazamiz. Har uch kunda o‘ynaganda deyarli bir xil holatda ishlashga to‘g‘ri keladi.

Har bir o‘yin boshqacha kechadi. Bir o‘yindagi narsalarni boshqa bellashuvda aynan takrorlay olmaysan. Biz tartibliroq va yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishimiz kerak. Raqibga gol urish uchun imkoniyatlar bermaslik zarur. Har bir o‘yindan buni o‘rganamiz. Yigitlarga ishonaman, ular tez, texnik, hujumkor futbol o‘ynay oladi. Himoyada ham birdam o‘ynaymiz. Ishtirokimizni nafaqat keyingi uchta o‘yin, balki, undan ko‘proq bellashuvlarda davom ettirishni istaymiz.

Birinchi o‘yinda bo‘lim oxirlarida hushyorlikni yo‘qotdik deb ayta olmayman. Birinchi golda kichik xato qimmatga tushdi. Jarima zarbasini o‘ng oyoqda tepadigan futbolchi ijro etayotganda ochiq burchakka bo‘yi uzunroq o‘yinchilarni qo‘yish kerak edi. Lekin Jovinko darajasidagi futbolchilar bir soniyada o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin. “Al-Hilol” — kuchli jamoa, ular “Flamengo”dek jamoa bilan ham sifatli futbol ko‘rsatgan.

Bunday darajadagi o‘yinlarga 7-8 daqiqa qo‘shilganda bir futbolchi kam bo‘lsang, bu  o‘z ta’sirini o‘tkazadi. “Al-Hilol”da individual kuchli futbolchilar yetarlicha va ular jamoa sifatida ham juda yaxshi saviyada. Ular birgalikda himoyaviy ishlarni bajaradi, hujumga o‘tadi. Markazdagi futbolchilar hujum yo‘nalishini o‘zgartiradi. Osiyoning eng kuchli jamoasida hamma narsa yuqori darajada bo‘ladi. Jamoaviy pressingga o‘tishadi, hamjihat o‘ynashadi. Darvozabon ham hujumlarni boshlab berishi mumkin. Xuddi bizning jamoa singari raqib ham jamoaviy va individual tarafdan yaxshi o‘ynaydi.

Shota Arveladze, “Paxtakor” bosh murabbiyi

Foto: “Paxtakor” FK

Biz birinchi bahsda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak ham, yigitlarda o‘ziga bo‘lgan ishonch oshdi. Ikkinchi uchrashuv ham qiziqarli bellashuv bo‘ladi deb o‘ylayman. Jamoadoshlarim bilan bunga tayyormiz. “Al-Hilol” ham kuchli jamoa. Ular bejizga o‘tgan mavsum musobaqada g‘olib chiqmagan. Kichik xatolarimizni o‘rganib chiqqan holda keyingi bahsga tayyormiz deb ayta olaman.

O‘zbekiston chempionatida qanday kuchga ega ekanimizni o‘tgan mavsumda ko‘rsatib bo‘ldik. Chempionlar Ligasida 2019-yil ham yaxshi o‘ynadik, ammo omadsizlik tufayli guruhdan chiqa olmagandik. Bu yil e’tiborimiz Chempionlar Ligasiga qaratilgan. Oldimizga katta maqsadlar qo‘yilgan. O‘tgan mavsum yaxshi darajada o‘ynaganmiz. Birinchi bahsda hujumlarni yakunlashda ba’zi xatolarga yo‘l qo‘ydik. Ulardan foydalanganimizda bellashuv boshqacha tugashi mumkin edi. Bu safar kichik xatolardan foydalanishga urinamiz.

Jaloliddin Masharipov, “Paxtakor” futbolchisi

“Paxtakor” 3-turda “Al-Hilol”ga qarshi bahs olib bordi va 90+7-daqiqadagi gol tufayli mag‘lubiyatga uchragandi.

Eslatib o‘tamiz, Chempionlar Ligasi guruh bosqichining qolgan o‘yinlari Qatarda markazlashgan holda o‘tkazilmoqda.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!