UEFA koronavirus pandemiyasi sabab Yevrokuboklar 2019/20-yilgi mavsumi to‘liq asnoda o‘tmagani tufayli 575 million yevro daromaddan quruq qoldi.

Foto: Getty Images

Yevropa klublari assotsiatsiyasi rahbari Andrea Anyellining ma’lum qilishicha, UEFA Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi televizion huquqlari uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan miqdordan 575 million yevro kam daromad qilgan.

Yo‘qotilgan mazkur pullar klublarning mukofot pulidan ushlab qolinishi yoki UEFA tomonidan kompensatsiya qilinishi mumkin. Anyelli bu masaladagi savolga aniqlik kiritmagan.

Reglamentga ko‘ra, 2,55 milliard miqdoridagi pul Yevrokubok ishtirokchilariga mukofot puli sifatida bo‘lib berilishi kerak edi.

Yevrokuboklarning umumiy daromadi 3,25 milliard yevroga baholangandi.

Eslatib o‘tamiz, Yevrokuboklar koronavirus pandemiyasi sabab mart oyida to‘xtab qoldi. Musobaqa avgust oyida “sakkiz finalchi” tizimida o‘tkazildi va buning natijasida o‘yinlar soni kamaydi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!