1812-yilning 7-sentabr kuni Fransiya imperatori Napoleonning Rossiyaga qilgan yurishi doirasida eng yirik va hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tdi. Mazkur jang Napoleon tarafidan Moskva jangi deb nomlandi. Rus manbalarida esa Borodino jangi nomi bilan tarixga kirdi. Chunki jang Moskva daryosi bo‘yida, Moskva shahridan 125 km uzoqlikdagi Borodino qishlog‘i yaqinida yuz berdi. “Daryo” sana munosabati bilan bugungi maqolada mazkur jang tarixi va uning ahamiyati haqida hikoya qiladi.
Napoleonning Yevropadan to‘plagan juda katta qo‘shini 1812-yilning iyun oyida Rossiya hududiga kirishni boshladi. Rossiya imperiyasi hududidagi shaharlar birin-ketin fransuzlar tomonidan egallandi. Ruslar esa ularga qarshilik qilmadi. Aksincha, butun yurish davomida “yonayotgan yer” taktikasini qo‘llab chekinish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ular chekingan yerlarini yoqib, yiqib ketdi. Fransuzlarni shu tariqa zaxira ta’minotidan uzib qo‘yib, iloji boricha imperiya ichkarisigacha olib bordi. Napoleonning ta’minot karvoni esa asosiy qo‘shindan ancha orqada qolib ketgan edi. Shu tariqa ruslar imperatorni Borodinogacha deyarli jangsiz olib keldi.
Shu paytgacha Rossiya qo‘shinlariga bosh qo‘mondonlik qilgan Barklay de Tolli o‘z lavozimidan olindi va uning o‘rniga Mixail Kutuzov bosh qo‘mondon etib tayinlandi. Ikki armiyaning ilk to‘qnashuvi ham ayni Kutuzov sababli yuz berdi. Kutuzov Moskvadan 125 km uzoqlikdagi Borodino qishlog‘i yaqinida mudofaa chizig‘ini tashkil qildi.
“Borodino jangi” kuni Rossiya armiyasi tarkibi 180 ta piyoda bo‘linmasi, 164 ta otliq brigadasi, 20 ta kozaklar birligi, 55 ta artilleriya batareyasi yoki 640 ta to‘pdan iborat edi (Les Plus Belles Victoires de Napoléon, Éditions Atlas, p. 112.). Qo‘shinning umumiy soni ba’zi manbalarda 103 800 deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, ba’zilarida 160 ming deb ko‘rsatilgan. Rus manbalarida esa 112 mingdan 120 minggacha deb ko‘rsatilgan.
“Buyuk Armiya” deb nomlangan Napoleon qo‘shini esa 214 ta piyoda batalyoni, 317 ta otliq bo‘linmasi, 587 ta artilleriya birliklariga ega edi. Qo‘shinlarning umumiy soni esa 124 mingdan 135 minggacha deb ko‘rsatiladi. Shuningdek, ikki tarafdan ham jangga qatnashmagan, lekin jang maydonida hozir bo‘lgan qo‘shinlar ham bor edi. Ularning soni har ikki tarafdan mos ravishda 17–18 ming kishini tashkil qilar edi.
7-sentabr kuni erta tongda, soat 6 da 100 dan ortiq fransuz artilleriyasi ruslarning chap qanotiga hujum uyushtirdi. Shunday qilib, rus kampaniyasidan o‘rin olgan eng dahshatli va qirg‘inbarot jang boshlandi. Ammo fransuzlar to‘plarni surishga juda ko‘p qimmatli vaqtlarini sarflab yubordi. Chunki ular rus mudofaa chizig‘idan ancha uzoqda edi. Shu kuni jang kun bo‘yi davom etdi. Fransuzlarning tinmay amalga oshirgan shiddatli hujumlarini ruslar qaytarishga dosh berolmadi va kechga yaqin Kutuzov Moskvaga qarab chekinishga buyruq berdi.
Jangda ikki tomon ham juda katta yo‘qotishga uchradi. Fransuz qo‘shinidan 20 ming askar jarohat olgan bo‘lsa, 10 ming askar halok bo‘ldi. Jumladan, armiyaning nufuzli generallari Montbrun, Kolenkur, Komper, Lanaber, Romef, Marion va Tarrolar Borodinoda halok bo‘ldi. Yo‘qotishlar haqidagi raqamlar ham turlicha bo‘lib, Katta Armiya safida bo‘lgan inspektor P.Denniee shu kuni armiya safida 30 mingga yaqin askar jabrlanganini, shundan 6 562 kishi halok bo‘lgani, ulardan 269 nafari ofitserlar ekanini va 21 450 kishi jarohat olganini qayd etgan (P. Denniee, Imperator Napoleonning yurish yo‘nalishi, Parij, 1842yil.). Tarixchi Aristid Martinien esa fransuzlar jami 1 928 ta ofitser halok bo‘lgani yoki jarohatlanganini yozgan. Shulardan 49 nafari generallar edi.
Ruslar esa 40 mingdan ziyod askarini yo‘qotgan bo‘lsa, shundan 15 mingtasi halok bo‘lgan. Ruslarning 211 nafar ofitseri jangda halok bo‘lgan va mingdan ortig‘i yaralangan. Mashhur generallar Bagration, Kutaizev va Tuchkovlar ham Borodinoda halok bo‘lgan. Fransuz askarlari orasida jangdan keyingi kunlarda oziq-ovqat taqchilligi sababli ochlikdan vafot etganlari ham bo‘lgan.
Ushbu jangda fransuzlarning qo‘li baland keldi. Ammo bu g‘alaba katta yo‘qotishlar bilan birga keldi. G‘alaba Napoleonga Moskva yo‘lini ochdi va u 14-sentabr kuni huvullab qolgan Moskvaga kirib bordi. Sababi, shahar fransuzlar kelishidan oldin bo‘shatilgan edi. Kamiga shahar gubernatori shaharga o‘t qo‘yishni buyurdi va asosan yog‘ochdan qurilgan Moskva 20-sentabrgacha yonib kul bo‘ldi. Bu Moskvaning To‘xtamishxondan keyin ikkinchi yonishi edi.
Borodino jangidagi g‘alaba haqida turli qarama-qarshi fikrlar mavjud bo‘lib, zamonaviy tarixchilar uni Piruscha g‘alaba sifatida talqin qiladi. Ya’ni g‘alabaning yakuniy qiymatini yo‘qqa chiqaradigan juda katta yo‘qotishlar evaziga qozonilgan g‘alaba sifatida qaraladi.
G‘alaba fransuzlarga nasib qilgan bo‘lsa-da, Rossiya imperiyasi ham Borodino jangidagi g‘alabani o‘ziga tegishli deb hisoblaydi. Shuning uchun XIX asr oxiridagi jangovar kemalarining biriga “Borodino” nomini bergan. Borodino klassdagi kemalar Suvorov kemalari ham deyiladi. 1949-yilda SSSR Krasnoyarsk o‘lkasida Borodino shahriga asos soldi.
“Borodino jangi” haqida ko‘plab hujjatli va badiiy asarlar yaratilgan. Jang bo‘lib o‘tgan hudud qayta tiklanib, o‘sha yerda jang muzeyi tashkil etilgan. O‘sha jangda ishlatilgan va fransuzlar tomonidan tashlab ketilgan to‘plar eksponat sifatida namoyishga qo‘yilgan.
Mashhur rus adibi Lev Tolstoy o‘zining “Urush va tinchlik” romanida mazkur jang tafsilotlarini badiiy tarzda ifoda etgan. Shuningdek, fransuz yozuvchisi Balzak o‘zining “Qishloqlik shifokor” romanida “Borodino jangi”ning eng dahshatli lahzalarini mohirlik bilan yoritgan.
1880-yilda mashhur rus kompozitori Chaykovskiy mazkur jang haqida “1812” deb nomlangan simfonik pyesa yaratgan.
Jang haqidagi eng ma’qul gapni, fikrimizcha, Napoleonning o‘zi aytgan: “Men olib borgan ellikta jangning eng dahshatlisi – bu mening Moskva oldida o‘tkazgan jangim. Fransuzlar o‘zlarini g‘alaba qozonishga loyiq ekanini ko‘rsatdi, ruslar esa yengilmas deb atalish huquqini qo‘lga kiritdi”, degan edi jang haqida buyuk imperator.
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)