AQSh rossiyalik siyosatchi Aleksay Navalniyning “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlangani to‘g‘risidagi xabardan “chuqur xavotirda” va aybdorlarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni joriy etishga tayyor. Bu haqda AQSh Milliy xavfsizlik kengashi ma’lum qildi.

Foto: “Kommersant”

“Biz Rossiyadagi aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun ittifoqchilarimiz va xalqaro hamjamiyatlar bilan ishlaymiz… va ularning yovuz faoliyatini moliyaviy cheklaymiz”, — deyiladi kengash bayonotida.

O‘z navbatida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Navalniyga nisbatan qo‘llanilgan kimyoviy qurolni “ablahona” deb atadi. “Rossiya hukumati janob Navalniy bilan nima sodir bo‘lgani bo‘yicha tushuntirish berishi kerak. Biz xalqaro hamkorlarimiz bilan adolat tantanasini ta’minlaymiz”, — deb yozadi Jonson o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Fransiya Navalniyning zaharlanishini “ajablanarli va mas’uliyatsizlik” deb atagan. Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyaen va Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi yetakchisi Jozep Borrel aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg esa javob reaksiyasi borasida alyans a’zolari bilan muhokama boshlanganini bildirgan.

Aleksey Navalniy 20-avgustdan buyon koma holatida. Komadagi dastlabki ikki kunni siyosatchi Rossiyaning Omsk shahridagi klinikada o‘tkazdi, shundan so‘ng u Berlinga olib ketildi. Siyosatchining safdoshlari hodisaning boshidan buyon uning zaharlanganini aytib kelmoqda. Ularning gumon qilishicha, rossiyalik shifokorlar siyosatchining organizmida zahar izini topish qiyin bo‘lishi uchun uni ataylab klinikada ushlab turgan va ketishiga ruxsat bermagan bo‘lishi mumkin.

“Sharite” klinikasi shifokorlari Navalniy yetib kelganidan keyin ikki kun o‘tib uning xolinesteraza ingibitorlari guruhidan bo‘lgan modda bilan zaharlanganini ma’lum qilgan.