Aleksey Navalniy yotgan Omsk shahridagi 1-sonli kasalxona bosh shifokori siyosatchini Germaniyadagi klinikaga ko‘chirishga ruxsat berishdan bosh tortdi. Bu haqda Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Foto: Facebook / Aleksey Navalniy

Yarmishning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyni boshqa kasalxonaga ko‘chirishga qo‘yilgan taqiq uning hayotiga xavf tug‘dirmoqda. “Omskdagi shifoxonada tashxis qo‘yilmagan va kerakli uskunalarsiz qolish — hozirgi vaziyatda halokatli”, — deb yozadi Yarmish. U shifokorlar tomonidan qo‘yilgan taqiqni Navalniyning “hayotiga suiqasd” deb atagan. Matbuot kotibining fikricha, mazkur qarorni shifokorlar emas, balki Kreml qabul qilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurash fondi direktori Ivan Jdanovning ma’lum qilishicha, shifokorlar dastlab Navalniyni Germaniyadagi klinikaga ko‘chirish bo‘yicha kerakli hujjatlarni tayyorlagan, biroq keyinroq xuddi ularni “almashtirib qo‘yishgandek”. Jdanovning ta’kidlashicha, siyosatchini ko‘chirish uchun barcha zaruriy hujjatlar tayyor bo‘lgan.

Avvalroq rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning ahvoli Tomsk—Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan reys vaqtida og‘irlashib qolgani va samolyot favqulodda Omskka qo‘ngani to‘g‘risida xabar berilgandi. Navalniy zaharlangan bo‘lishi mumkin.