Qarshi shahriga Xitoydan keltirilgan 30 ta Golden Dragon rusumli zamonaviy avtobus yo‘lovchi tashishni boshladi. Avtobuslarning birinchi yo‘lovchilari viloyat rahbarlari va faollar bo‘ldi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, 30-avgust, yakshanba kuni viloyat hokimi Zoir Mirzayev va viloyat faollari Qarshi shahridagi “Xo‘jai Jarroh” ziyoratgohida jam bo‘lib, qurbonlik qilingan. So‘ngra Qur’on tilovat qilinib, yo‘lovchi tashish uchun keltirilgan avtobuslar birinchi yo‘lovchilarini manziliga yetkazgan.

Foto: “Daryo”

Xitoydan keltirilgan zamonaviy avtobuslarga chiqqan viloyat rahbariyati va faollari dastlab Qarshi shahridagi Shuhrat qo‘rg‘onida bo‘lib, qatag‘on qurbonlarini yod etgan.

Foto: “Daryo”

Shundan so‘ng yo‘lovchilar Alisher Navoiy bog‘idagi Nuroniylar maskanida bo‘lib, viloyat keksalari uchun yaratilgan shart-sharoitni ko‘zdan kechirgan.

Foto: “Daryo”

“Viloyat hamda Qarshi shahar hokimligi mas’ullari hamrohligidagi viloyat faollari O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi oldidan ochilgan obyektlarda ham bo‘lib, bayram munosabati bilan shaharda qilingan o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi”, — deydi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov.

Foto: “Daryo”

Viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati rahbari Mirzohid Jo‘rayevning qo‘shimcha qilishicha, “Xalq banki”ning Qashqadaryo viloyat filiali tomonidan “Cargill Financial Services International lnk” kompaniyasidan jalb qilingan kredit mablag‘lari hisobiga keltirilgan 30 ta Golden Dragon avtobusi “Sharofiddin Nurillo” MChJ mas’ullari tomonidan olib kelingan bo‘lib, mazkur avtobuslar 1-yo‘nalishda — Qarshi temiryo‘l vokzali—Yerqo‘rg‘on bozori yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritadi

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”