OnLeaks niki ostidagi taniqli insayder Galaxy S20’ning hamyonbop versiyasiga aylanishi kutilayotgan Samsung’ning yangi smartfoni suratlari bilan bo‘lishdi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Pricebaba

Flagmanning arzonlashtirilgan versiyasi nima sababdandir Galaxy S20 FE deb nomlangan bo‘lib, bu Fan Edition yoki “fanatlar uchun versiya” degani. 2019-yilda bu kabi smartfon “layt”-versiyasi shaklida taqdim etilgandi.

Smartfon dizaynida o‘zidan oldingi modeldan farqlanib turuvchi jihat bor — orqa tomoniga shisha emas, plastik qopqoq o‘rnatilgan. Shu bilan birga, asosiy rom qismi metalligicha qolgan va suvdan IP68 standarti bo‘yicha himoyalangan.

Qurilmaga diagonali 6,5 dyuymli displey, 140 gertsli AMOLED-matritsa o‘rnatilgan.

Foto: Pricebaba

Galaxy S20 FE uchta asosiy kamerali jamlanmaga ega bo‘ladi — 12 megapikselli asosiy (oddiy S20’dagi kabi), 12 megapikselli keng burchakli hamda 8 megapikselli 3 karra optik zum. 32 megapikselli frontal kamera esa displeydagi kichkina qirqimga “yashiriladi”.

Smartfon mintaqasiga qarab Snapdragon 865/Exynos 990 protsessorlari bazasida ishlaydi. Tezkor xotira 6—12 gigabayt, ichki xotirasi esa 512 gigabaytga qadar yetadigan modifikatsiyalar taqdim etiladi. Naushniklar uchun alohida 3,5 millimetrli “razyom” olib tashlanadi.

Hozircha Galaxy S20 FE’ning texnik tavsiflari o‘zidan oldingi Galaxy S20’nikiga juda o‘xshash. Aslida esa smartfon 10-25 foizga arzonroq bo‘lishi kerak, biroq plastik korpusdan boshqa nimaning hisobiga iqtisod qilinayotgani noma’lum.

Samsung kompaniyasi Galaxy S20 Lite hamyonbop flagmanini taqdim etishi to‘g‘risida iyul o‘rtalarida ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda Galaxy S20 Lite’ning displeyi ham arzonroq modelga o‘zgartirilishi mumkinligi — uning o‘lchami biroz kichikroq bo‘lib, piksellar soni kamayishi aytilgandi.