Samsung kompaniyasi hamyonbop lineykasidagi ulkan akkumulyator sig‘imiga ega Galaxy M31 s modelini taqdim etdi, deb xabar beradi GSM Arena

Foto: GSM Arena

Yangi modelga Full HD+ sifatga ega 6,5 dyuymli AMOLED-displey o‘rnatilgan. Ekranning avtomatik rejimdagi maksimal yorqinligi 430 kd/kvadrat metga yetadi, frontal kamera uchun kichkina “qirqim” ajratilgani sabab displey gadjetning 91 foiz yuzasini egallagan. Barmoq izi skaneri yon tomondagi qurilmani o‘chirib-yoqish tugmasiga joylashtirilgan.

Qurilma ichidan Exynos 9611 protsessori, 6 yoki 8 gigabayt tezkor hamda 128 gigabayt ichki xotira o‘rin oladi. Smartfon Android 10 operatsion tizimida ishlaydi. Akkumulyator sig‘imi 6000 mA/soatga teng bo‘lib, 25 vattli tezkor quvvatlanish funksiyasiga ega. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, gadjetni to‘liq quvvatlantirish uchun 97 daqiqa ketadi.

Foto: GSM Arena

Galaxy M31 s’ning frontal kamerasi 32 megapikselga teng. Asosiy blokdan esa Sony’ning 64 megapikseli moduli, tasvirni 123 daraja kenglikda suratga oluvchi (12 Mp), kadr chuqurligiga mo‘ljallangan (5 Mp) hamda makromodulli (5 Mp) kameralar o‘rin olgan. Kameralarning o‘ziga xos funksiyasi — video tasvirga olayotganda old va orqa kameralarni birdek ishlatish mumkinligida, shuningdek, ular yordamida tungi suratga olish ishlarini ham amalga oshirsa bo‘ladi.

Foto: GSM Arena

Yangi qurilma birinchi bo‘lib Hindistonda sotuvga chiqadi. Rasmiy narxlar:

  • 6/128 Gb — 260 dollar;
  • 8/128 Gb — 290 dollar.

Avvalroq Samsung kompaniyasi Galaxy S20 Lite hamyonbop flagmanini taqdim etagan edi.