Toshkent shahar Yunusobod tumani aholisining 70 foizini grippga qarshi emlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Yunusobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika bosh shifokori Shoira Abdusattorova “O‘zbekiston 24” telekanaliga ma’lum qildi.

Bosh shifokorning so‘zlariga ko‘ra, hozir iyul—avgust oylari bo‘lishiga qaramasdan, yuqori nafas yo‘llari kasalliklarining barchasiga potensial COVID-19 sifatida qarash kerak.

Shoira Abdusattorovaning ma’lum qilishicha, tuman hokimi rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman aholisining kamida 70 foizini gripp kasalligiga qarshi ommaviy emlash haqida kelishib olingan. Bu emlash katta natija berishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, 2018 va 2019-yillarda Yunusobod tumani yoki 50-oilaviy poliklinikaga biriktirilgan aholining faqat bir foizi grippga qarshi emlangan.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda bolalar orasida gripp va pnevmoniyaga qarshi rejadan tashqari emlashni amalga oshirish yo‘llari ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.