Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskaya Belarusdan Litvaga jo‘nab ketgandan so‘ng videomurojaat bilan chiqdi, deb xabar bermoqda Meduza. Uning murojaati YouTube’dagi “Strana dlya jizni” kanalida “Men bolalarim oldiga ketdim” nomi ostida chiqqan.

Bilasizmi, butun boshli kampaniya meni obdon toblab, men dosh bera oladigan juda katta kuch berdi deb o‘ylagandim, lekin menimcha, avvalgiday zaif ayolligimcha qoldim. O‘zim uchun juda og‘ir qaror qabul qildim. Bu qarorni men mutlaqo mustaqil ravishda qabul qildim. Do‘stlarim ham, shtab ham, [turmush o‘rtog‘im] Sergey ham unga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmasdi. Bilaman, ko‘pchilik meni tushunadi, ko‘plar tanqid qiladi, ko‘plar yomon ko‘rib qoladi. Lekin bilasizmi, men duch kelgan bunday tanlovda qolishni xudo ko‘rsatmasin. Shu sababli iltimos, o‘zingizni asrang. Hozir sodir bo‘layotgan narsalar hayotingizga arzimaydi. Men… Farzandlarim — hayotimizda mavjud narsalarning eng muhimidir.

Svetlana Tixanovskaya

Uning ishonchli vakili Olga Kovalkova 10-avgust kuni Tixanovskayani Belarus hukumati tomonidan mamlakatdan chiqarib yuborilganini ma’lum qilgandi. “Svetlananing boshqa iloji yo‘q edi. Muhimi u ozodlikda va tirik. Ular Mariya Moroz bilan jo‘nab ketishdi. Biroq Svetlana jamoasining bir qismi garovda qolishda davom etmoqda”, — degan Kovalkova.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9-avgust, yakshanba kuni prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Poytaxt Minskda prezident saylovidan keyin norozilik namoyishi boshlangan. Belarus Markaziy saylov komissiyasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, prezidentlik saylovlarida respublikaning amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenko 80,23 foiz ovoz to‘plagan. Muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya esa rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 9,9 foiz ovoz olgan.

Keyinroq Svetlana Tixanovskaya o‘tkazilgan saylovlarda o‘zini g‘olib deya hisoblashini ma’lum qildi va Lukashenkoga muzokaralar o‘tkazish taklifini berdi. Shuningdek, u saylovlarning natijasi yuzasidan Markaziy saylov komissiyasiga norozilik bildirdi.

Svetlana Tixanovskayaning shtabi 10-avgust kuni kechasi u Belarus Markaziy saylov komissiyasiga borganidan so‘ng yo‘qolib qolganini bildirgan. Kechga yaqin Tixanovskaya aloqaga chiqqan, biroq qayerda ekanligini oshkor etmagan. Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi Svetlana Tixanovskayaga uyushtirilgan suiqasdning oldi olinganini ma’lum qilgan.