Toshkent shahri Olmazor tumani, “Shifokor” mahallasida yashagan 1994-yilda tug‘ilgan Iskandarova Mehribonu To‘xtasin qizi qidirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Xabarda aytilishicha, 26 yoshli ayol 6-avgust kuni taxminan soat 8:30 larda uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan. Oxirgi ma’lumotga ko‘ra, u Chilonzor tumani S mavzesidagi kosmetologiya salonida bo‘lgan. Qiz soat 10:30 da salondan chiqib, yo‘l tarafga ketganligi tashqi kuzatuv kameralarida qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda karantin cheklovlari 15-avgustgacha uzaytirilgan. Ba’zi viloyatlarda karantin cheklovlari yengillashtirilgan, biroq Toshkent shahrida hozircha sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyati to‘xtatilgan.

“Daryo”ga ma’lum bo‘lishicha, Mehribonu Iskandarova 6-avgust kuni soat 10:40 larda “Chilonzor” metro bekati yaqinidagi gul bozori tomonidan avtomashinaga chiqqan vaqti kuzatuv kameralariga tushib qolgan. Afsuski, avtomashina raqami va qaysi tomonga ketganini aniqlash imkoni bo‘lmagan.

Kuzatuv kamerasidan olingan surat.

Foto: “Daryo”

Belgilari: bo‘yi 160 sm, ko‘zi qora, sochi uzun va to‘q jigarrang.

Egnidagi kiyimi: havorang ko‘ylak va jinsi shim, qaymoqrang makasima.

“Hurmatli Toshkent aholisi va mehmonlar! Agar siz Mehribonu Iskandarovani ko‘rgan bo‘lsangiz yoki uning qayerda ekanligi haqida biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz, 71-278-58-40 (Chilonzor tumani IIO FMB), 71-230-50-85 (Olmazor tumani OII FMB), +998-90-973-64-68 (qizning yaqinlari), 71-232-30-40, 71-232-40-50 yoki 102 telefon raqamlari orqali xabar berishingizni so‘raymiz”, — deyiladi IIBB xabarida.