O‘zbekistonda joriy etilgan karantin cheklovlari 2020-yilning 15-avgustiga qadar uzaytirildi. Bu haqda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 26-iyul kuni e’lon qilingan axborotida ma’lum qilingan.

Karantin cheklovlari amal qiladigan davrda quyidagilarga qat’iy etibor qaratish belgilandi:

Davlat organlari va tashkilotlariga:

  • xodimlarini xatlovdan o‘tkazgan holda, ish joyiga faqatgina zarur bo‘lgan mutaxassislarni bevosita jalb etishga ruxsat berilganini inobatga olib, qolgan xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqarishni yoxud masofadan turib (onlayn) ishlashini tashkil etishga to‘liq rioya etilishini ta’minlash;
  • xodimlarini vaqtinchalik xizmat safariga yuborishni to‘xtatish;
  • yig‘ilishlarni faqatgina onlayn tarzida tashkil etish;
  • xodimlar orasida koronavirus bilan kasallanganlar mavjud bo‘lgan taqdirda ulardan xabar olish, davolanish maqsadida zarur dori vositalari va buyumlarni xarid qilish uchun xodimning sharoitini inobatga olgan holda moddiy yordam ajratish.

Fuqarolarga:

  • to‘y, oilaviy marosimlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazmaslik;
  • jamoat joylarida, ko‘cha, maydon va mahallalarda uch kishidan ortiq to‘planmaslik, qat’iy ijtimoiy masofani saqlash (2 metr), tibbiy niqoblar va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish;
  • yoshi katta va muayyan turdagi kasalligi (qandli diabet, metobolik sindromlari, autoimun kasalliklari, qon, yurak, tomir kasalliklari, onkologik kasalliklar va boshqalar) mavjud fuqarolarga koronavirus kasalligi kuchli ta’sir ko‘rsatishini inobatga olib, 65 yoshdan oshgan fuqarolarni o‘zini o‘zi yakkalash hayot tarziga qat’iy rioya etish hamda sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik

tavsiya etildi.

Quyidagi faoliyat turlarini to‘xtatish bo‘yicha cheklov 2020-yilning 15-avgustiga qadar uzaytirildi:

  • parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar;
  • buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar;
  • sport zallari, fitnes klub, trenajyor, basseynlar;
  • umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona);
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv kurslari va har qanday to‘garaklar;
  • sanatoriylar (koronovirus infeksiyasidan davolangan va reabilitatsiya o‘tayotgan bemorlarga tibbiy yordam tashkil etiladigan sanatoriylardan tashqari), pansionatlar, bolalar oromgohlari, xostellar, mehmon uylari, plyajlar va boshqa dam olish maskanlari;
  • sartaroshxona va go‘zallik salonlari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalari, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov) (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno).

Shuningdek, 31-iyul, 1—2-avgust hamda 8—9-avgust (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Shu bilan birga, fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish (homiladorlik, tug‘ruq, tana jarohati, OIV/OITS, onkologik yordam, nurlanish terapiyasi, gemodializ yordamini ko‘rsatish, test va qon topshirish, jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lganda, inson sog‘lig‘iga va hayotiga xavf tug‘dirayotgan boshqa holatlar) bilan bog‘liq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalari harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnomalar talab etilmasligi belgilandi va shu munosabat bilan mutasaddilarga mazkur holatlarda fuqarolarning avtotransport vositalari harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaslik, zarur hollarda fuqarolarni manziliga yetkazishda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan aniq ko‘rsatma berildi.

Mazkur cheklov maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 8-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat og‘irlashganligi munosabati bilan, shuningdek, aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida hamda epidemiologlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda 31-iyul, 1—2-avgust hamda 8—9-avgust (shanba va yakshanba) kunlari quyidagilar tavsiya etiladi:

  • aholiga — o‘zini o‘zi yakkalash hayot tarziga qat’iy rioya etgan holda o‘z uylarida qolish;
  • davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga — xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish.

Shu bilan birga yirik tadbirkorlik subyektlariga karantin cheklovlari amal qilgan davrda tegishli ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va savdo obyektlarida sanitariya-gigiyena va epidemiologik talablarga rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan xodim belgilash tavsiya etiladi.

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Uy sharoitida karantinni tashkillashtirish tartibi to‘g‘risida uslubiy ko‘rsatma ham tasdiqlandi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro standartlarni inobatga olgan holda koronavirus infeksiyasi yengil, o‘rtacha og‘ir va og‘ir o‘tayotgan bemorlarni davolash standartlari tasdiqlanishi hamda fuqarolarga tavsiya etiladigan dori vositalarining yagona ro‘yxati shakllantirilishi belgilandi.

Shu bilan birga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash samaradorligini oshirish maqsadida:

  • respublikadagi barcha dorixonalarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash hamda dorixonalarda dori vositalarining narxlari barqarorligini ta’minlash;
  • koronavirus infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan shifoxonalarni kislorod bilan ta’minlangan holda shayligini tayyorlash;
  • koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni klinik belgilariga asosan test javoblarini kutmasdan tibbiy yordamni tashkil qilish

bo‘yicha zarur choralar belgilandi.

Mutasaddilarga koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni shifoxonaga joylashtirishning aniq va shaffof mezonlarini ishlab chiqish hamda bemorlarni shifoxonaga joylashtirishda ushbu mezonlarga qat’iy amal qilish ustidan aniq topshiriqlar berildi. Bunda, qandli diabet, onkologik, yurak-qon tomir, autoimmunlik kassaliklari, metabolik sindromi mavjud hamda 55 va undan yuqori yoshdagi bemorlarni birinchi navbatda shifoxonaga joylashtirilishi belgilandi.

Shu maqsadda koronavirus bilan kasallanganlarni davolanish uchun joylashtirish muassasalarining zaxirasini tayyorlash hamda fuqarolarni to‘g‘ri taqsimlagan holda joylashtirish maqsadida barcha hududlarda maxsus taqsimlash markazlari faoliyati tashkil etilmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda Toshkent shahri tajribasidan kelib chiqqan holda, koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar hamda ushbu infeksiya tasdiqlangan bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni ambulator davolashga ixtisoslashgan “maxsus poliklinikalar” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Fuqarolarga qulaylik yaratish, shuningdek, ularga malakali tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida “maxsus poliklinikalar” va maxsus taqsimlash markazlarining tunu kun faoliyat ko‘rsatishi belgilandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining Qurbon hayitini koronavirus pandemiyasi davrida karantin talablariga muvofiq o‘tkazish to‘g‘risidagi bayonoti ma’lumot uchun qabul qilindi va mahalliy hokimliklarga tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirig‘i berildi.

Fuqarolarga Qurbon hayitining karantin talablariga muvofiq, uy sharoitida, oila davrasida, hashamatsiz va kamtarona, tartibli hamda milliy qadriyatlarga mos ravishda karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish tavsiya etildi.

Yuqoridagilardan tashqari Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlarining faoliyatini jadallashtirish, shuningdek, ta’minot manbai bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan, boquvchisidan ajralgan, og‘ir kasallari bor, ko‘p bolali, ijtimoiy nafaqasi real ehtiyojlarini qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbai bo‘lmagan, ota-onalaridan biri yoki ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Koronavirus pandemiyasi davrida tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari va boshqa xodimlarga qonun hujjatlarida to‘lanishi nazarda tutilgan qo‘shimcha to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq to‘lab berilishini ta’minlash va nazorat qilish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi va uning vazifalari belgilab berildi.