Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida yashovchi shogird ustozi bilan janjallashib qolib, uni urib o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda “Daryo”ga tuman IIB tergovchisi Xurshid Abdumurodov xabar berdi.

Ma’lumot berilishicha, Uchquduq tumani fuqarolari — 32 yoshli U.U. hamda 62 yoshli V.M. uzoq yillardan buyon ustoz-shogird sifatida avtomashinalarni ta’mirlab kelgan.

2020-yilning 2-avgust kuni soat taxminan 22:30 da ustoz hamda shogird tumanning “Do‘stlik” mahallasida joylashgan garajda spirtli ichimlik iste’mol qilib, o‘zaro janjallashib qolgan. Mast holda bo‘lgan U.U. ikki nafar farzandning otasi, ustozi V.M.ni urib, do‘pposlagan.

Ayovsiz kaltaklangan V.M. o‘z vaqtida tez tibbiy yordam chaqirilmagani oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.