Rossiya Premyer Ligasining 2019/20-yilgi mavsumidagi eng yaxshilar aniqlandi.

RPL o‘tkazgan so‘rovnoma natijalari bo‘yicha “Zenit” hujumchisi Artyom Dzyuba mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Mazkur nomga da’vogarlar qatorida “Rostov”ning o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodov ham bor edi.

Foto: RPL

“Rubin”ning 19 yoshli yarim himoyachisi Xvicha Kvaratsxeliya mavsumning eng yosh o‘yinchisi sifatida e’tibor etildi. Ushbu sovringa nomzodlar qatorida “Ufa” yarim himoyachisi Oston O‘runov ham bor edi.

Oston O‘runovning 2019/20 yilgi mavsum RPLdagi harakatlarini tomosha qiling (video)

Shuningdek, 2019/20-yilgi mavsum chempioni — “Zenit”ning ustozi Sergey Semak mavsumning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan bo‘lsa, feyr-pley sovrini ham piterliklarga nasib etdi.

Foto: RPL

Rossiya Premyer Ligasi to‘purariga ajratilgan sovrin “Zenit”ning ikki futbolchisi Sardor Azmun va Artyom Dzyubaga taqdim etildi. Ular mavsum davomida 17 tadan gol urishga erishdi. “Ufa” darvozaboni Aleksandr Belenov eng yaxshi darvozabon nomiga loyiq ko‘rildi.

Ovoz berish jarayonida RPL klublarining bosh murabbiylari va sardorlari, Rossiyaning yettita sportga oid nashri, “Match-TV” telekanalining besh nafar ekperti hamda Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi ishtirok etdi.

Shomurodov jami ikkita ovoz bilan 4 ochko to‘plagan bo‘lsa, O‘runovga 11 kishi ovoz bergan (28 ochko) va ularning to‘rt nafari Ostonni birinchi o‘ringa qo‘ygan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!