Meksika prezidenti Adres Manuel Lopes Obrador jurnalistlar oldida qilgan bayonotida mamlakatda korrupsiya ustidan g‘alaba qozonganidan keyin tibbiy niqob taqishni boshlashini va’da berdi. Uning bayonoti Twitter’dagi rasmiy sahifasida e’lon qilingan.

Adres Manuel Lopes Obrador

Foto: Debate

Avvalroq Meksika davlat rahbari tibbiy niqobning viruslardan himoyalanishda foyda berish yoki bermasligi fanda isbotlanmagani sabab ularni taqmasligini aytgandi. Lopes Obrador mamlakatdagi ommaviy chiqishlarida, turli tadbirlarda va har kuni o‘tkaziladigan matbuot-anjumanlarida tibbiy niqob taqmasdan chiqish qilmoqda. Biroq u odamlar bilan ijtimoiy masofalanish tartibiga rioya etadi. Obradorning aytishicha u tibbiy niqobni faqat ushbu qoida joriy qilingan yerlarda, masalan samolyotda taqishi mumkin.

El Universal gazetasi Meksika milliy harakati (Partido Acción Nacional) deputatlari prezidentning koronavirus pandemiyasi sharoitida tibbiy niqob taqmayotgani yuzasidan sudga murojaat qilmoqchi ekani haqida yozgandi.

“Men korrupsiyaga barham berilganidan keyin tibbiy niqob taqaman. Keling, shunday kelishib olamiz”, – deya jurnalistlarga murojaat qilgan Lopes Obrador.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotiga ko‘ra Meksikada 416 179 kishida koronavirus infeksiyasi borligi tasdiqlangan. 46 ming nafar bemor kasallik asoratlari oqbatida vafot etgan. 320 100 kishi kasallikdan tuzalgan.