Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 55 yoshli N.D. ismli erkak vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bergan.

Xabarga ko‘ra Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 55 yoshli N.D. 19-iyul kuni og‘ir holatda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Shifoxonada unda COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangan. Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi, keng tarqalgan miokard infarkti asorati bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

“Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, keng tarqalgan miokard infarktidan vafot etgan”, – deyiladi SSV axborotida.

N.D. Sog‘liqni saqlash vazirligi yuritayotgan statistikaga ko‘ra koronavirusning 140-qurboniga aylandi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 147 nafarni tashkil etmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan.

Shuningdek, 31-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Musa Yerniyazov 72 yoshida Nukusda vafot etdi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) 18-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani haqida xabar bergan edi.

Biroq ushbu yetti o‘lim haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.