Kanadalik aktyor Rayan Reynolds bir necha kun oldin Mara Soriano ismli ayolning ichida paxmoq ayiqchasi bo‘lgan ryukzaki o‘g‘irlab ketilgani to‘g‘risida yozgan edi. Aktyor o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qilishicha, ayiqcha o‘z egasiga qaytarilgan.

Foto: EPA

“Ajoyib yangilik. Ayiqchani qidirgan barchaga rahmat. O‘yinchoqni topib olib, uni saqlab qo‘yganlarga ham rahmat”, — deb yozadi Reynolds.

Foto: Twitter / Mara Soriano

Avvalroq “Dedpul” yulduzi ushbu paxmoq ayiqchani o‘z egasiga qaytarganga 5 ming dollar va’da qilgan edi. USA Today ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan buyumni egasiga qaytarganlar o‘zlarining ismini oshkor qilishni istamagan.

O‘g‘irlangan ryukzak ichida hujjatlar va iPad, shuningdek, ayolning eng qadrli narsasi — paxmoq ayiqchasi ham bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘yinchoq ichida diktofon bo‘lib, unga Sorianoning iyun oyida saratondan vafot etgan onasining so‘zlari yozib olingan. Bundan ta’sirlangan Reynolds o‘yinchoqni qidirishga kirishgan edi.