Koronavirusga chalingan yana bir toshkentlik 60 yoshli ayol o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Poytaxtlik 60 yoshli M.S. 10—20-iyul kunlari uy sharoitida xususiy shifoxona shifokorlarining tavsiyalariga muvofiq davolangan. 21-iyul kuni esa bemor Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hozirgacha 139 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini malum qilgan “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 145 nafarni tashkil etmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu olti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.