O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul, chorshanba kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Foto: “Daryo”

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida kasallikni aniqlaydigan testlar va zarur tibbiyot vositalari yetishmayapti. Dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida 100 ga yaqin tez yordam mashinasi yetishmaydi. Oqibatda oxirgi uch kunda Toshkent shahrida turli kasalliklar bo‘yicha shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qilgan 43 nafar bemor tibbiy yordam yetib borgunga qadar olamdan o‘tgan.

Qayd etilishicha, bu holatga shahar hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, prokuratura mutlaqo e’tibor bermagan.

Ayni paytda Toshkent shahri shifoxonalarida 418 ta, Toshkent viloyatida esa 816 ta shtat birliklari bo‘sh turgani vazirlik va hokimiyat tomonidan joriy vaziyat o‘z holiga tashlab qo‘yilganidan dalolat beradi.

Ma’lum qilinishicha, Yuqori Chirchiqdagi karantin zonasida va Zangiotadagi davolash muassasasida ko‘plab kamchiliklar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda koronavirusga qarshi kurashni samarali tashkil qilmagani uchun sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan e’lon qilindi. Shuningdek, Prezident Toshkent shahridagi vaziyatni sharmandalik deb atadi hamda ikki hudud rahbarlarini tanqid qildi.

Avvalroq O‘zbekiston koronavirusga chalingan bemorlar uchun 15 ta yangi reanimobil xarid qilgandi

Ma’lumot uchun, 2017—2018-yillar mobaynida O‘zbekiston tarixida birinchi marta tez tibbiy yordam xizmati uchun 1500 ta yangi ixtisoslashgan avtomashina xarid qilingan. 2020-yil yanvar oyida Toshkentdagi tez tibbiy yordam xizmati uchun xorijdan keltirilgan 150 ta Ford zamonaviy reanimobili foydalanishga topshirilgan. Viloyatlarda ham shunday tizimni joriy qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda Isuzu D-Max pikaplari negizida tez tibbiy yordam mashinalarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.