O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul, seshanba kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbayi bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda davlat rahbari yoshlar va xotin-qizlarning muammolarini hal etish muhimligini ta’kidlab, bu borada alohida e’tibor qaratish zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Avvalo, maktab bitiruvchilarini o‘qish va ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi. 2020-yilda umumta’lim maktablarini 452 ming o‘g‘il-qiz tamomladi. Ularning 70 ming nafari oliy ta’lim, 85 ming nafari professional ta’limga kiradi. 95 mingdan ziyodi ishga joylashgan taqdirda ham, yana 200 mingga yaqin yoshlarning bandligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Maktabdanoq kasbga o‘qitish tizimi joriy etilishi belgilandi. Navbatdagi o‘quv yilidan boshlab maktab direktori va o‘qituvchilarga o‘quvchilarning oliy ta’limga kirishi, kasb egallab, o‘z ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi to‘lanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Buning uchun 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8—9-sinf o‘quvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni egallaydi. 10-sinfdan robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.

2020-yil oxirigacha mahallalarda 136 ta kasb-hunar o‘qitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslarini tashkil etib, 31 ta kasb-hunarga o‘qitish markazini jihozlash bo‘yicha topshiriq berildi. Bu maqsadlar uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasiga 200 milliard so‘m ajratish, o‘quv kurslarini, avvalo, kambag‘allik eng yuqori bo‘lgan mahallalarda tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.