Samarqand viloyat IIB Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, olti ming dollar so‘ragan o‘qituvchini qo‘lga oldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar berdi.

2020-yil 6-iyul kuni Samarqand viloyat IIB Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga Akbar (ismi o‘zgartirilgan) ismli fuqaro murojaat qilib, o‘zini Husniddin deb tanishtirgan fuqaro Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini va evaziga olti ming dollar pul so‘rayotganligini bildirgan.

Mazkur arizaga asosan 2020-yilning 6-iyul kuni soat 18:10 da Samarqand viloyat IIB Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan tazkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Husniddin fuqarodan va’da qilingan pulning 1,5 ming dollarini olayotgan paytda qo‘lga olingan.

Hozirgi vaqtda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.