Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Bishkekdagi shoshilinch tibbiyot markazi xodimlarining to‘rtdan bir qismi kasallik varaqasi ochtirgan va davolanmoqda. Bu haqda Kloop nashri markaz jonlantirish bo‘limi mudiri Yegor Borisovga tayanib xabar bergan.

Foto: Akipress

Foto: Akipress

Uning ma’lumotiga ko‘ra, jami 101 nafar xodim kasallik varaqasi ochtirib, davolanmoqda, markaz shtatidagi xodimlar soni esa 447 nafarni tashkil qiladi. Shundan 42 nafari mehnat ta’tilida — ular yoshi yoki surunkali kasalliklarga chalingani tufayli kasallik yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan ro‘yxatga kiritilgan.

Borisovga ko‘ra, kasallik varaqasi ochtirganlar orasida 10 ga yaqin kishida koronavirus aniqlangan, qolganlar esa pnevmoniya va O‘RVI simptomlariga ega kasallik bilan kurashmoqda.

“Hammasi har xil ahvolda davolanyapti. Deyarli hamma xodim o‘z uyida ambulator sharoitda davolanmoqda, bir necha kishi shifoxonalarga yotqizilgan”, — deya qo‘shimcha qilgan shifokor.

Mudirning so‘zlariga ko‘ra, guruhlardagi yuklama hali ham yuqori va tez yordam chaqiruvlarga vaqtida yetib borishga ulgurmayapti.

“Agar 118-liniya va kunlik statsionarlar bo‘lmaganida holimiz ne kechishini tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli. Albatta, ular ham kuchli yuklama ostida, faol ravishda odamlarga maslahat hamda tavsiyalar bermoqda. Lekin baribir murojaatlar ko‘payib ketgan”, – deydi Yegor Borisov.

Shuningdek, Borisov tez yordamdagi xodim yetishmovchiligi nafaqat kasalliklar, balki boshqa sabablar tufayli ham kuzatilayotganini qayd etdi. 210 nafar shifokor ish o‘rnidan 85 tasi vakant, 342 ta o‘rta ma’lumotga ega tibbiyot personalining 45 tasi bo‘sh ish o‘rni hisoblanadi. Ushbu ma’lumotlar bo‘yicha tez yordam vrachlari o‘rtacha 9-10 ming qirg‘iz so‘mi (115-128 AQSh dollari atrofida) miqdorida oylik ish haqi oladi.

2019-yil yanvar oyida Borisov jurnalistlarga Bishkek shahrining o‘zida 40 ta tez yordam guruhi faoliyat olib borishi, me’yoriy hujjatlar bo‘yicha esa bu raqam 120 ta bo‘lishi lozimligini ma’lum qilgan. Shuningdek, markaz vakillari Bishkekda 5 ta tez yordam podstansiyalari mavjudligi, ayrim mikrohududlarga brigadalar yetib borishi uchun 40 daqiqadan ko‘proq vaqt sarf bo‘lishini bildirgan.

Avvalroq 9-iyulda Qirg‘iziston bosh vaziri barcha tibbiyot xodimlarini ta’tildan chaqirib olishni buyurgani, 10-iyulda Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirida pnevmoniya, uning o‘rinbosarida koronavirus aniqlangani haqida xabarlar berilgan.

Qirg‘izistonda 13-iyul holatiga ko‘ra, 11 117 nafar kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan, 3 460 nafar bemor kasallikdan tuzalgan, 147 kishi COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. Mamlakatda COVID-19 testlari salbiy chiqqan, biroq pnevmoniyadan vafot etgan bemorlar soni 452 nafarga yetgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi qanday o‘zgarmoqda?
Dunyo
“Daryo kundaligi”da 28-mart kuni sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
O‘zbekistonda dollar kursi yana pastladi