Toshkent shahri Chilonzor tumanida olib borilgan tezkor tadbirda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini xaridorga noqonuniy ravishda sotayotgan dorixona rahbari ushlandi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan Toshkent shahar IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “K.” kompaniyasiga qarashli dorixona rahbari A. 14 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini xaridorga 560 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Dorixonada noqonuniy muomalaga kiritish maqsadida saqlanayotgan umumiy qiymati 46 million so‘mlik 905 dona “Regapen” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 3-qismi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.