Andijonda Captiva rusumli avtomobilni ta’qib qilib, mashina ichidagilarni kaltaklagan va ularning 500 AQSh dollarini olib qochgan to‘rt nafar shaxs ushlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Ma’lumotlarga ko‘ra, 6-iyul kuni soat 23:00 larda S.I. va Z.A. Captiva’da Bog‘ishamol dahasi hududidan Andijon shahriga qarab harakatlanib ketayotgan bo‘lgan. Matiz rusumli avtomashinada bo‘lgan 4 kishi ularning avtomobilini to‘xtatmoqchi bo‘lgan, biroq ular to‘xtamasdan Andijon—Asaka yo‘nalishi bo‘ylab harakatni davom ettirgan. Captiva Andijon tuman “Teraktagi” mahallasi hududiga yetgan vaqtda Matiz ularni ta’qib qilib borib, yo‘lning chetiga to‘xtashga majbur etgan. Mashina ichidan shaxslar Captiva haydovchisi va uning hamrohini kaltaklab, ularga tegishli 500 AQSh dollari va 60 ming so‘m pullarini olib, hodisa joyidan yashiringan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni 29 yoshli D.O., 32 yoshli Q.Sh., 24 yoshli R.S. va A.N. sodir etganligi aniqlanib, hodisa joyi tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, Matiz rusumli avtomashina jarima maydoniga olib kirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha A.N., D.O., R.S. va Q.Sh. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Farg‘onada Nexia’ni to‘xtatib, uning ichidan katta miqdordagi pul va haydovchining telefonini talonchilik yo‘li bilan tortib olgan jinoiy guruh vakillari ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.