Iyun oyining boshlarida Xorazm viloyatida Tuproqqal’a tumanidagi kanaldan olib chiqilgan Tico’dan 34 yoshli yigitning murdasi topilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Xorazm viloyati prokuraturasining ruhiy-asab kasalliklari dispanseri ekspertlariga tayanib “Daryo”ga ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda marhum T.Q.ning ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘lgan, unda o‘zini o‘ldirishga moyillik sezilgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Aniqlanishicha, Hazorasp tumani “Temirchi maskani” mahallasida yashovchi 34 yoshli T.Q. 27-mart kuni, taxminan, soat 10:00 larda otasi A.Q. nomida bo‘lgan qizil rangli Tico avtomashinasida uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida to‘plangan dalillarga ko‘ra, T.Q. 27-mart kuni bir necha marotaba Toshsaqa kanalining “Chap qirg‘oq” suv taqsimlash inshooti atrofida bo‘lganligi aniqlandi. Tergov davomida sud-psixiatriya ekspertiza tayinlanib, viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseri ekspertlarining 13-maydagi xulosasida so‘nggi yillarda T.Q.ning ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘lganligi, unda o‘zini o‘ldirishga moyillik sezilayotganligi ko‘rsatilgan.

Shu sababli, T.Q. mazkur kanalning “Chap qirg‘oq” suv taqsimlash inshooti atrofida suvga cho‘kib vafot etgan bo‘lishi mumkinligi inobatga olinib, 4-iyun kuni “Chap qirg‘oq” suv taqsimlash inshooti hududida suv to‘silgan va qutqaruv xizmati xodimlaridan iborat guruh tomonidan kanalda qidiruv ishlari olib borilgan.

Natijada kanaldagi suvdan Tico va avtomashinaning haydovchi o‘rindig‘ida fuqaro T.Q.bo‘ynidan zanjir bilan avtomashinaning rul qismiga qulflangan holdagi murdasi topilgan.

Tico rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, ichkaridan qulflanganligi, avtomashina o‘t oldirgichi yoniq holatda, uzatkichi harakatlanish holatida bo‘lgan va avtomashina salonidan yangi sotib olingan 2 ta qulflarning narxi tushirilgan quti borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holatlar bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida T.Q. yuqoridagi qulflarni va zanjirlarni 27-mart kuni Hazorasp tumani Yangibozor qishlog‘i hududidagi savdo shoxobchasi sotuvchisidan sotib olganligi aniqlangan.

T.Q.ning o‘lim sababini aniqlash bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, ekspertlarning 20-iyundagi 24-sonli xulosasida T.Q.ning badanida jarohat izlari yo‘qligi, uning o‘limiga cho‘kish oqibatida nafas yo‘llarining suv bilan tiqilishi oqibatidagi mexanik asfiksiya sabab bo‘lganligi qayd qilingan.

Shuningdek, tergov davomida T.Q. hamda uning turmush o‘rtog‘i Sh.I. foydalanuvida bo‘lgan Samsung J250F rusumli uyali telefon mutaxassislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida 2019-yilning 12-dekabridan 2020-yilning 25-martiga qadar qurilmadagi  YouTube ilovasi orqali kanaldan va suvdan topilgan murdalar bilan bog‘liq o‘z joniga qasd qilish va shu mazmundagi 46 ta videorolik tomosha qilinganligi aniqlangan.

Yuqoridagilarga asosan, T.Q.ning bedarak yo‘qolganligi va 4-iyunda murdasi topilganligi holatida jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli 30-iyun kuni jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (Reabilitatsiya uchun asoslar) 1-qismiga asosan tugatilgan.