Respublika maxsus komissiyasining  qarori bilan aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida O‘zbekistonda navbatdagi karantin cheklovlari joriy etildi.

Foto: “Daryo”

Unga ko‘ra, 2020-yil 13-iyuldan 2020-yil 1-avgustga qadar respublika miqyosida qo‘shimcha ravishda quyidagi karantin cheklovlari kiritildi:

  • sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyati to‘xtatiladi;
  • mahalliy (ichki) aviaqatnovlar va temiryo‘l qatnovi to‘xtatiladi;
  • 65 yoshdan oshgan shaxslarga o‘zini o‘zi yakkalash hayot tarziga qat’iy rioya etish hamda sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya etildi.

Shuningdek, 2020-yil 18—19-iyul hamda 25—26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Mazkur cheklov maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining 8-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, 18—19-iyul hamda 25—26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari quyidagilar tavsiya etiladi:

  • aholiga — o‘zini o‘zi yakkalash hayot tarziga qat’iy rioya etgan holda o‘z uylarida qolish;
  • davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga — xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilindi. 10-iyuldan to‘ylar, oilaviy va ommaviy tadbirlar taqiqlanadi, avtotransport harakati cheklanadi, buyum bozorlari va bolalar bog‘chalari yopiladi, koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganlarga tibbiy yordam berish uchun mobil guruhlar tashkil etiladi, O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi “qizil” bo‘ladi.