Jahon bozorida oltin narxi 1,4 foizga, ya’ni bir unsiya uchun 1803 AQSh dollariga qimmatlashib, 2011-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Bunga koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini xavfi, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyatlar, shuningdek, rivojlangan davlatlar iqtisodiyotiga keng ko‘lamli mablag‘lar jalb qilinishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda, deb yozadi Spot.

Foto: Bloomberg

2019-yilning oxiridan boshlab oltin narxi 20 foizdan ko‘proqqa qimmatlashib, ko‘plab moliyaviy instrument va indekslarning o‘sish tempini ortda qoldirgan. Bozor ishtirokchilari qisqa muddatda oltin narxining yanada ko‘tarilishini kutmoqda.

Avvalroq oltin zaxirasi O‘zbekistonga pandemiya vaqtida “jon saqlash”ga imkon berayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. May oyining boshida O‘zbekiston Markaziy banki 2020-yil uchun yangilangan prognozini e’lon qilgandi. Unda ko‘plab pessimistik prognozlar bilan bir qatorda, oltin borasida ijobiy taxminlar keltirilgan edi.

“Regulyator narxlarning ko‘tarilishi davlat budjeti va tadbirkorlarning daromadlariga ijobiy ta’sir qilishi hamda bu soliq tushumlarini kamaytirish ta’sirini ma’lum darajada yumshatishini taxmin qilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 2020-yil yanvar—fevral oylarida O‘zbekiston 1,005 milliard dollarlik oltin eksport qilgani, oltin mamlakatning bosh eksport mahsuloti bo‘lishda davom etayotgani haqida xabar berilgandi.