O‘zbekistonda 2020-yil 8-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlar soni 110 kishiga ko‘payib, 11 092  nafarga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Yangi kasallanish holatlarining barchasi karantin markazidagi fuqarolar (barchasi xorijdan kelgan) orasida aniqlangan.

Avvalroq O‘zbekistonda 2020-yil 8-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 168 nafarga ko‘paygani, 17:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni 144 kishiga ko‘payib, 10 982 nafarni tashkil etgani xabar qilingandi. Kun davomida 422 ta yangi kasallanish holati qayd etilib, kasallanish hamda tuzalish ko‘rsatkichi bo‘yicha rekordlar yangilangan.

8-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 7060 nafarni (63 foiz) tashkil etgan.

O‘limlar soni bo‘yicha ham antirekord yangilandi, kun davomida 5 ta o‘lim holati qayd etilgani xabar qilinib, shundan 3 tasi Toshkent shahrida, 1 tasi Qoraqalpog‘istonda va 1 tasi Navoiy viloyatida kuzatilgan. Epidemiya boshlanganidan buyon jami 45 nafar bemor koronavirus asoratlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3987 nafar bemordan 31 nafari og‘ir, 12 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.