Singapurlik olimlar saratonning rivojlanishi va qaytalanishi uchun javob beradigan asosiy mexanizmlarni aniqladi. U davolashning yangi usullarini yaratishga yordam berishi mumkin, deyiladi Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida e’lon qilingan maqolada.

Foto: Proceedings of the National Academy of Sciences

Mutaxassislarning aniqlashicha, MBNL1 oqsili ko‘krak, oshqozon, o‘pka va prostata saraton hujayralarida oz miqdorda uchraydi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, aynan ushbu oqsilning yetishmovchiligi onkologik kasallikka chalingan bemorlarning omon qolishiga ta’sir ko‘rsatadi.

MBNL1 oqsili DNK, hujayralarning hayot sikli va ularning bo‘linishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq. Shuningdek, u ko‘krak va oshqozon saratonida metastaz va onkogenez rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi.

MBNL1 darajasining pastligi hujayra ichidagi signallarning uzatilishiga ta’sir ko‘rsatuvchi MAP2K7 oqsilining shikastlanishiga olib keladi. Bu esa davolashga bardoshli saraton hujayralarini paydo qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, yuqori darajali MAP2K7 patogeni va yangi saraton hujayralarining paydo bo‘lishida vositachi mavjud — JNK kinaza. Ingibitorlar yordamida uning susaytirilishi saraton ildiz hujayralarining faolligini kamaytiradi.

Aniqlangan ingibitorlardan biri saratonga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi effektga ega. Olimlar uning yordamida bir qator dori vositalarini yaratish yo‘lida klinik sinovlarni o‘tkazmoqda.

Avvalroq Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash milliy tizimi (NHS) olimlari saratonning davolab bo‘lmas shakllarida foyda beradigan dori vositasini yaratgani to‘g‘risida xabar berilgandi.