Jizzax shahar hokimining 2020-yil 1-iyuldagi №796-sonli qaroriga muvofiq shaharga kirish va chiqish qattiq nazorat ostiga olindi. Bu haqda “Sangzor.uz” xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lumotlarga ko‘ra, shahar hududidagi 4 ta mahallada koronavirus bilan kasallanganlar aniqlangan.

“Shu munosabat bilan 2-iyuldan boshlab Jizzax shahriga kirish va chiqish qattiq nazoratga olindi. “Qaliya”, “Bunyodkor”, “Zilol” va “Madaniyat” mahallalari hududlariga kirib-chiqish to‘xtatildi”, — deyiladi xabarda.

Bunga qadar viloyatning Sharof Rashidov, Do‘stlik va G‘allaorol tumanlari “qizil” hudud toifasiga kiritilgan edi. 29-iyun kuni Jizzaxda tug‘ilgan kunda koronavirus yuqtirib olgan 72 yoshli otaxon vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

30-iyun kuni O‘zbekistondagi tuman va shaharlar epidemiologik toifalari ro‘yxati yangilangan. Yangi ro‘yxatga ko‘ra, Sharof Rashidov tumani “qizil”, qolgan barcha tumanlar “yashil” hududga kiritilgan edi.

O‘zbekistonda 2-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 8904 nafarga yetdi.