“Real” bosh murabbiyi Zinedin Zidan Eden Azarning “Xetafe”ga qarshi o‘yin qaydnomasidan joy olmaganiga izoh berdi.

Foto: AS

Fransiyalik mutaxassis jarohatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida belgiyalik futbolchiga dam berishga qaror qilgan.

“Biz Edenning qanday o‘yinchi ekanligini bilamiz. U bizning asosiy futbolchilarimizdan va buni raqiblar yaxshi biladi. Umid qilamizki, hech kimda Azarga shikast yetkazish niyati yo‘q. Xotirjamlikni saqlash zarur. Eden o‘yinlarsiz qiyin davrni boshdan kechirdi, bosqichma-bosqich harakat qilish lozim.

Jadvaldagi peshqadamlikka kelsak (“Real” bitta zaxira o‘yini bilan eng yaqin ta’qibchisi — “Barselona”dan 1 ochko oldinda bormoqda — tahr.), biz bir qadam oldindamiz, xolos. 5 ta o‘yinda g‘alaba qozondik, ammo bu hech narsani anglatmaydi. Oldinda yana 6 ta oltita uchrashuv bor, bu 18 ochko deganidir. Matematik jihatdan hozircha chempion bo‘lolmaymiz.

Raqiblarni hurmat qilish kerak. Ular ligada g‘alaba qozonish uchun oxirigacha kurashadi. Hali hech narsa hal bo‘lgani yo‘q. Futbolchilik faoliyatimda bu kabi vaziyatga duch kelganman. Futbolchilar hali hech narsa yutmaganimizni biladi”, — deydi Zidan.

Eslatib o‘tamiz, “Real” — “Xetafe” uchrashuvi 2-iyuldan 3-iyulga o‘tar kechasi soat 01:00 da boshlanadi.