Edge Innovations’ning maxsus effektlar bo‘yicha mutaxassislari Walt Disney Imagineering xodimlari Uolt Konti va Rojer Xolsberg bilan hamkorlikda robot-delfin yaratdi, deb xabar beradi Gismeteo.

Kadr: YouTube

Videodan ko‘rish mumkinki, delfin xuddi haqiqiydek bo‘lib, hatto mutaxassislarni ham chalg‘itib qo‘yishi mumkin. Internetdagi ko‘plab foydalanuvchilar mazkur robot-delfin haddan ortiq reallashtirilganini ta’kidlamoqda va hatto loyiha mualliflarini falsifikatsiyada gumonlayapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, robot-delfinning og‘irligi 270 kilogrammga teng bo‘lib, uning batareyasi 10 soatga yetadi. Sho‘r dengiz suvida qurilma 10 yilga yaqin ishlab bera oladi. U nafaqat haqiqiy delfinlarning harakatini takrorlaydi, balki mushak va skeletlari bilan ham mazkur sutemizuvchi jonzotdan farq qilmaydi. Robotning barcha harakatlari operator tomonidan boshqariladi va kelajakda uning avtonomligini ta’minlash uchun kamera, datchiklar va sun’iy intellekt tizimini o‘rnatish kerak bo‘ladi.

Robot Xitoyda pandemiyaga qarshi kurash doirasida yovvoyi hayvonlar savdosiga taqiq qo‘yilgani sabab mamlakatdagi akvariumlardan biri tomonidan buyurtma qilingan. Umuman olganda, loyiha mualliflari bu kabi robotlar pandemiyadan keyin ham ommalashishini prognoz qilmoqda.