Evan Blass ismli taniqli insayder Samsung’ning hamyonbop yangi smartfoni suratlari bilan bo‘lishdi. Galaxy A01 Core nomini olgan smartfon plastik korpusga ega bo‘lib, to‘q ko‘k va qizil rangda ishlab chiqariladi.

Foto: Twitter / Evleaks

Smartfonga zamonaviy o‘lchovlar bo‘yicha unchalik katta bo‘lmagan displey — HD+ sifatni qo‘llab-quvvatlovchi 5,14 dyuyumli ekran o‘rnatilgan. Qurilmada barmoq izi skaneri yo‘q, bu esa smartfon narxining arzonlashishiga olib kelgan. Shuningdek, tejamkorlik maqsadida smartfonga bitta kamera o‘rnatilgan.

Galaxy A01 Core MT6739WW protsessori va 1 gigabayt tezkor xotira yordamida ishlaydi. MicroSD uchun alohida slot mavjud emas. Shunga qaramay, smartfonga zamonaviy Android 10 operatsion tizimi o‘rnatilgan.

Hozircha qurilmaga o‘rnatiladigan akkumulyator sig‘imi haqida ham ma’lumot yo‘q.