Britaniyaning Mersisayd grafligi Sent-Xelens shahrida yashovchi Osborn va Edit Xenkok turmush qurganining 70 yilligini nishonladi. Erkak va ayol dastlab bir-biridan nafratlanganini aytadi, deb yozadi Daily Mail.

Foto: Daily Mail

Osborn va Edit Xenkok 1938-yilda, 10 yosh bo‘lganida tanishgan. Maktabda ular bitta partada o‘tirgan, biroq munosabatlari yomon bo‘lgan. Ularning bir-biriga munosabati yuqori sinfga o‘tganida o‘zgargan.

Maktabni bitirganidan so‘ng Osborn Britaniya harbiy-havo kuchlarida xizmat qilgan. O‘sha paytda u Edit bilan xat yozishib turgan.

Foto: Daily Mail

“O‘shanda internet ham, telefon ham yo‘q edi. Biz pochta orqali aloqa qilardik. Bir xatimda men uning qo‘lini so‘radim, u javob xatida roziligini bildirdi. Men hatto unga nikoh uzugi uchun 20 funt jo‘natdim”, — deya xotirlaydi Osborn Xenkok.

Yoshlar 1950-yilda turmush qurgan. Osborn va Edit hozirda 92 yoshda. Ularning to‘rt farzandi, sakkiz nevarasi va to‘rt chevarasi bor.

“O‘ylashimcha, biz juda yaxshi juftlikmiz. Bizning umumiy qiziqishlarimiz ko‘p, hatto ikkimizga ham bir xil musiqa yoqadi. Biz bir-birimizga juda o‘xshaymiz, har doim baxtlimiz va har doim bir-birimizni kuldiramiz”, — deydi Edit.