Tyumendagi General Motors dilerlik markazi xodimlari karantindan so‘ng avtoturargohda qolib ketgan mashinalarning birida paydo bo‘lgan noodatiy “sovg‘a”ga duch keldi. Mashina o‘zining ta’mirlanishini kutib yotgan bir vaqtda uning motor bo‘lmasida qorayaloq ini paydo bo‘ldi, deb xabar qiladi Motor.

Foto: Motor

Avtomobil dvigatelidagi nosozlik sabab dilerlik markaziga tashlab ketilgan. Biroq koronavirus pandemiyasi natijasida joriy etilgan cheklovlar sabab servis xodimlari izolyatsiyaga ketgan va motorni almashtirishga ulgurmagan.

Izolyatsiya vaqtida avtomobil dilerlik markazi hududida harakatsiz qolib ketgan. Cheklovlar olib tashlangach, xodimlar mashina dvigatelini almashtirishga kirishgan va motor bo‘lmasiga in qurib, polapon ochgan qorayaloqqa duch kelgan.

Foto: Motor

General Motors xodimlari ehtiyotkorlik bilan qushlarning inini boshqa joyga ko‘chirib, ularni ornitologlarga topshirgan.