Surxondaryo viloyatida 14-iyun kuni koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha yangi holatlar qayd etilgani, aholi orasida 9 nafar koronavirusga chalingan bemor aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Foto: “Daryo”

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, ayni paytda barcha bemorlar Termiz shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida tegishli muolajalarni olmoqda. Davolash ishlari belgilangan standartlar va videokonsiliumlar asosida malakali shifokorlar tomonidan olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, kasallik aniqlanganlarning barchasi Surxondaryo viloyatidan bo‘lib, ularning 1 nafari og‘ir, 4 nafari o‘rta og‘ir, qolganlari nisbatan qoniqarli ahvolda.

Hozirgi kunda viloyatda 3254 nafar fuqaro karantinga olingan. Ularning 278 nafari tibbiyot muassasalarida, 594 nafari sihatgoh va maxsus binolarda, 2382 nafari esa o‘z uylarida kuzatuvda bo‘lib turibdi.

Hokimlik tomonidan qayd etilishicha, viloyatda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish uchun kuchaytirilgan tartibda zarur profilaktik chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Viloyatga kirib-chiqiladigan “Darband” yo‘l-patrul posti hamda Termiz shahri, Muzrabot, Termiz, Sho‘rchi, Boysun, Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlarida qat’iy karantin talablari joriy etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyati 20-maydan buyon “yashil” hudud edi. Koronavirus viloyatga qaytgach, shahar va tumanlarning ranglari o‘zgardi. Termiz shahri, Boysun tumani, Muzrobod tumani, Termiz tumani, Sho‘rchi tumani “qizil” hududlar bo‘lib turibdi.