O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Behzod Muhammadkarimov “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Behzod Muhammadkarimov “Shaytanat”dagi Elchin, “Amir Temur” serialidagi Amir Temur roli uchun qancha gonorar olganini ma’lum qildi.

“Shaytanat” serialida gonorar qandaydir ramziy darajada bo‘lgan. Pul yozilgan — olganmiz, juda bir aytishga arzimaydigan summa olganmiz. “Shaytanat”da barcha asosiy rollarni ijro etganlar aynan ijod uchun, yaxshi asarda yaxshi rol o‘ynash uchun borgan. Biz u yerda pulni umuman o‘ylamaganmiz. U vaqtda juda ham inflyatsiyaning kuchaygan vaqtlari edi. Serialdagi qahramonim Elchinning tili bilan aytganda “barchamiz tomsuvoqqa ishlaganmiz” desam ham bo‘ladi. Lekin barcha sidqidildan, kerak bo‘lsa, tekinga yoki pul berib o‘ynashga ham rozi bo‘lgan asar edi.

Moddiy manfaatdorlik “Amir Temur” serialida katta bo‘lgan. O‘sha vaqtda agar dollarga hisoblab aytadigan bo‘lsak, 4 000 dollarga yaqin gonorar olganman. Suratga olish jarayoni 7-8 oy davom etgan. Shuncha vaqt tog‘-u toshlarda yurganmiz. Oson bo‘lmagan.

Behzod Muhammadkarimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist  

Ma’lumot uchun, Behzod Muhammadkarimov “Shaytanat”, “Amir Temur”, “O‘tkan kunlar”, “Parizod”, “Oq bino oqshomlari”, “Tangalik bolalar”, “So‘g‘diyona”, “Omonat”, “Buyuk Turon” kabi filmlarda turli darajadagi rollarni ijro etgan.