“Daryo” jahon matbuoti sharhi ruknining navbatdagi muhokamalarga boy sonini diqqatingizga havola etadi.
Makron G7 sammitini qanday qutqarib qolmoqchi?
Emmanuel Makron o‘tgan haftada Donald Tramp va Merkel o‘rtasida vositachiga aylanib, Vashingtonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan G7 sammitini saqlab qolishga urinib ko‘rdi, deb yozadi The Politico nashri.Makron hukumatining ma’muriyati prezident Makron bir haftaning o‘zida sammit mavzusida amerikalik hamkasbi Tramp bilan uch marta telefon muloqoti o‘tkazgan va muloqot chog‘ida agarda sammit ishtirokchilari to‘liq tarkibda qatnashmasa, yuqori martabali shaxslarning uchrashuvini o‘tkazib bo‘lmaydi, degan.
Fransuz prezidenti sammit chog‘ida hozirgi dunyo siyosatidagi eng dolzarb muammolarni muhokama qilishni o‘ylamoqda. Bu mavzular qatoriga koronavirusga qarshi vaksina topishga intilayotgan dunyo olimlarining harakatlari, jahon iqtisodiyotining hozirgi ahvoli, Xitoy bilan munosabatlar va raqamli gigantlarni soliqqa tortish borasidagi masalalar sammit muhokamalari kun tartibidan o‘rin olgan.
Makron Donald Tramp va Merkel xonim o‘rtasida oltin oraliqni topishga urinar ekan, Merkelsiz sammitga borishdan bosh tortishi haqida biror narsa demadi. Makronnning vositachi bo‘lishiga juda ham zo‘r berayotgani Germaniya hukumati rahbari sammit borasida o‘z fikrlarini bayon qilib bo‘lgan ko‘rinadi. Makronning o‘zini bunday tutishi sammit doirasida diplomatik ta’sir qilishda biror narsaga erishishni mo‘ljallayotgan bo‘lsa, Tramp sammitdan saylovoldi tashviqot qilishga urinayotgandek.
Fransuz rasmiysi Emmanuel Makronning sammit borasidagi fikrlari tafsilotlarini yoyinlar ekan, G7 sammitida ko‘tariladigan mavzular aniq qilib belgilab olinishi zarurligini uqtirdi. Muammolar esa anchayin to‘planib qolgan: Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining pandemiyaga qarshi kurashish borasida turli siyosiy doiralarning fikrlari turfa xilligi-yu, Xitoy bilan bog‘liq muammolar shular jumlasidan.
Dastlab sammit ishtirokchilari sammitni iyun oxirlarida Vashingtonda o‘tkazishni rejalashtirib turgan edi, biroq Merkel juma kuni sammitda uchrashishdan bosh tortgach hamda Makron qo‘ng‘irog‘idan so‘ng Tramp sammitni sentabrga qoldirish hamda sammitga Rossiya bilan birga yana uch nafar G7 a’zosi bo‘lmagan mamlakatlarni ham taklif qilishni rejalashtirgani haqida ma’lum qildi.
Shanba kuni Oq uy prezident Tramp va Makronning telefondagi muloqotini ommaga oshkor qildi. Muloqotdan ko‘rinadiki, Tramp va Makron G7 sammitini chaqirishga kelishib olgani-yu Gongkong va Liviyadagi siyosiy voqealar muhokama qilingani ayon bo‘ldi.
The Fox News’ga berga radiogrammasida Donald Tramp yig‘inlarimizning asosiy muhokamalari Rossiya bilan bog‘liq shunga Rossiya ham qatnashsa ayrim masalalarni muhokama qilib olish ancha osonroq kechgan bo‘lar edi, deb ta’kidlagan .
Britaniya bosh vaziri Boris Jonson va Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Rossiyaning sammitga qaytishiga qarshi ekanliklarini bildirgan. Rossiya G7 sammitidan 2014-yilda Qrimni anneksiya qilgani uchun chiqarib yuborilgan edi.
Rasmiy Yelisey nazdida Rossiyani sammitga qaytarish uchun Qrim va umuman Rossiyadagi vaziyat hali o‘zgarmagan. Yana bir fransuz rasmiysi esa Rossiya G7 sammitidan aniq sabablarga ko‘ra chiqarib yuborilgani va rasmiy Moskva ham sammit yig‘inda ishtirok etish uchun unchalik ham qiziqish bildirayotgani yo‘q, aksincha, Rossiya taklif qilinadigan bo‘lsa, Putin bu taklifdan yana iltifot kutadigandek baholashi ham mumkin, deya ta’kidlaydi.
Rossiya hukumatining BMTdagi vakili birinchi o‘rinbosari esa Twitter’dagi postida Kanada va Britaniyaning rusofob rahbarlari Rossiyaning sammitda ishtirokiga yo‘l qo‘ymaslik haqida fikr bildirishlaridan oldin Rossiya G7 sammitida qatnashish istagi borligini so‘rashi maqbul yo‘l bo‘lar edi, deya izoh qoldirdi.
Rossiya nazarida G20 va BRIKS siyosiy maydoni dunyo siyosati va iqtisodiyotining muhim masalalarini muhokama qilish uchun G7 sammitidan ancha samaraliroqdir.
Merkelning yangi siyosati tarixi muqaddimasi yoki Germaniyaning pandemiyadan keyingi harakati qanday o‘zan oladi?
O‘zining uzoq kanslerligi mobaynida Merkel xonim ko‘p marta syurprizlar qilishga tayyor siyosatchi ekanini namoyish qilgan, deb yozadi The Project Syndicate nashri.2010-yilda Merkel Xalqaro valyuta fondini Gretsiya iqtisodiyotini qutqarish ishiga hissa qo‘shishini talab qilib turib olgan va ko‘pchilik uning bu siyosiy qadamini hatto xayoliga ham keltirmagan edi. 2011-yildagi Fukusimadagi yadro reaktorida yuzaga kelgan halokatdan so‘ng Merkel Germaniyadagi barcha AESlarni yopib tashlaydi. 2015-yilda esa Merkel hukumati suriyalik qochqinlar uchun Germaniya chegaralarini lang ochib qo‘yadi. Bugun esa pandemiyadan Germaniya iqtisodiyoti ancha zarar ko‘gan bo‘lishiga qaramasdan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga moliyaviy ko‘mak berish uchun 500 million yevro miqdoridagi yordam dasturiga qo‘l urmoqda.
Uning bu qarori eng kutilmagan qaror bo‘ldi va ko‘plab nemislarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi, boshqa tarafdan esa ko‘plab Yevropa mamlakatlari Germaniyaga ko‘p ham rahbarlik qilishga imkoniyat berib qo‘ymaslik haqida gapira boshladi. Fransiya va Germaniya rahbarlari o‘tkazgan matbuot anjumanida Merkel xonim milliy hukumatlar pandemiyadan so‘ng yolg‘iz holda inqirozning salbiy oqibatlarini hal qila olmasliklari haqida gapirdi.
Iqtisodiyotni tiklashga yordam beradigan fond haqidagi xabarlar tarqalgach yevropalik siyosatdonlar balkim Yevropa Ittifoqi nihoyat “gamilton daqiqasiga” yetib kelayotgandir, deya savolga javob izlay boshladi. Amerikaning dastlabki yillarida AQSh moliya vaziri Aleksandr Gamilton mustaqillik uchun kurash yillarida shtatlarning qarzlarini federal hukumat o‘z zimmasiga olishi kerakligini isbotlab bergan edi. Yakunda esa Aleksandr Gamilton haq bo‘lib chiqdi va mamlakat urushdan so‘ng iqtisodiy jihatdan ancha oyoqqa turib oldi.
Aslida, inqirozlar integratsiya yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlaydi degan tamoyilga ishonib ish ko‘rish har doim ham tog‘ri bo‘lib chiqmaydi. Misol uchun, o‘n yil avval yevro bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganda, bu federalistlar nazarida umum Yevropa g‘oyasiga yanada ko‘proq ijobiy ta’sir qilishini kutishgan edi, ammo qarzdorlik masalasida shimoliy va janubiy Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi farq yanada keskinlashib ketdi. Keyingi yillarda esa Rossiya va Xitoy Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini o‘z ta’sir doirasiga olishga harakat qildi, Buyuk Britaniya rasmiy tarzda Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqib ketdi, Donald Tramp esa transatlantika aylanasida ishtirok etishdan bosh tortdi.
Qarzdorlik, qochqinlar masalasi kabi inqirozlar Yevropa Ittifoqining shimol–janub, sharq–g‘arb bo‘lib o‘rtaga jarlik tushishiga olib keldi. Millat doirasidan chiqib jiddiy qadamlar qo‘yish uchun esa hech bir Yevropa Ittifoqi mamlakati rahbariyatida ko‘rinmadi. Shunday ekan, COVID-19 pandemiyasi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi jarlikni olib tashlashga yordam bera oladimi yoki yo‘q degan savolning o‘rtaga chiqishi tabiiy.
Bugungi inqiroz boshqacha deb o‘ylashning ikki sababi bor deyish mumkin. Birinchidan, pandemiya fundamental ma’noda globalizatsiya natijasida yuzaga kelgan inqiroz va birgalikda harakat qilishni talab qiladi. Ikkinchidan, dunyoning turli qismlarida koronavirusdan vafot etganlar va kasallanganlarning miqdori turlicha, pandemiya keltirgan iqtisodiy oqibatlarning hajmi va ko‘lami ham dahshatli ekan, jamiyat ko‘proq uquvli boshqaruvning mavjud bo‘lishini qadrlay boshladi. Nega AQShda, Buyuk Britaniyada va Braziliyada koronavirus bilan kasallanganlar soni va o‘lim soni ko‘p degan savol tug‘ilishi tabiiy. Chunki bu mamlakatlarda ayni paytda o‘z siyosiy qadamini muvofiqlashtira olmayotgan uquvsiz rahbarlar hokimiyat tepasida turganligidir.
Tramp yoki Braziliya rahbari Jair Bolsanarodan farqli ravishda Merkel va Makron siyosiy tuyg‘ulardan foydalanishga moyil emas. Yevropalik ikki rahbar ham faktlarga asoslangan holda davlatni boshqarayotgani bilan faxrlanadi. COVID-19 esa mamlakatlarning rahbariyati virusga qarshi kurashda yaxshi tayyorgarlik ko‘rmaganligini isbotlab qo‘ymoqda.
Germaniyada esa “o‘z vaqtida chora ko‘rish” Italiyadagi kabi XIX asrning millatchiligi mahsuloti. Otto Fon Bismark yoki uning italiyalik hamkasbi Kamillo Kavurgacha bu ikki mamlakat bir qator mayda davlatchalarning Germaniyasi yoki Italiyasi edi. Ularning mustaqilligi esa savdo-sotiqning, bozorlarning yangi shakllari yuzaga kelayotgan bir paytda iqtisodiy va texnik muammolarni alohida bo‘lib bartaraf qilishga tayyor emas edi. Bu mamlakatlar birlashganda esa muammolar sekin-astalik bilan o‘z yechimini topa boshladi. Muhit o‘zgardi, ijtimoiy hayot, iqtisod va siyosatdagi muammoli masalalarga bir tan bo‘lib nazar solish eski choklar so‘tilib, yangi choklar qo‘yilishi zarurligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Aynan shu ma’noda bugun Germaniya rahbariyati Yevropaning yakdil jamiyat sifatidagi kelajagi haqida boshqa Yevropa mamlakatlaridanda ko‘proq harakat qilmoqda. Agar XIX asrda Yevropa mamlakatlari qon va qurol yordamida birlashgan bo‘lsa, bugun ularni birlashishiga tibbiyot va iqtisodiy siyosat zamin yaratmoqda.
Ikkinchi jahon urushida SSSRning roli haqida xitoycha nazar
Xitoylik harbiy tarixchi Syuy Yan Sovet Ittifoqining Ikkinchi jahon urushi davridagi qurbonlariga Yevropa va AQSh panja ortidan qaramoqda, deb yozadi olimni fikrlarini keltirar ekan “Xuansyu Shibao” Xitoy nashri. Tarixchi nazarida urush davom etar ekan, G‘arb va Sharq urushni boshlab bergan taraf haqida barcha taraf birdek Gitler Germaniyasini ayblab chiqqan edi, ammo hozirda g‘arb jamiyatlari Sovet Ittifoqini urushdagi qurbonlari va hissasini kamsitmoqda va faktlarni buzmoqda.8 va 9-may sanalarida AQSh, Yevropa va Rossiyada fashist Germaniyasining ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi nishonlandi. AQSh esa yana har doimgidek ruslarning asabiga tegishga harakat qildi va uddasidan chiqdi ham. Dastlab Pentagon Germaniya va Rossiya Polshaga birgalikda bostirib kirgan deb bayonot berdi, keyin esa AQSh prezidenti Gitler ustidan qozonilgan g‘alabada AQSh va Buyuk Britaniyaning o‘rni beqiyos bo‘lganini aytishdi va SSSRning urushdagi hissasiga e’tibor ham qaratishmadi.
Aslida esa g‘arbda tarixga nisbatan mavhum tasavvur paydo bo‘lgan va bu tasavvur g‘arbning ustunligi haqidagi yolg‘onlardan kuch oladi. Bu esa faktlarni buzishdir. Tarixga g‘arbcha mafkura asosida yondashishdir. Shunday ekan, g‘arbni tarixni buzish virusiga chalingan xasta odam deb atash joiz.
Sovet Ittifoqi esa fashizmga qarshi kurashgan mamlakatdir, aslo fashizmning qudratga kelishiga yordamlashgan hamtovoq emasligini nazardan qochirmaylik. Afsuski, ayrim xitoyliklar ham g‘arb tashviqoti ta’sirida AQSh va Buyuk Britaniyani Ikkinchi jahon urushida muhim vazifani bajarganligiga ishonib kelmoqda.
Urush yakunlangach, Nyurenberg va Tokio sud jarayonlarida AQSh, Buyuk Britaniya, SSSR va Xitoy fashizmga qarshi ittifoqdosh bo‘lgani va Germaniya, Yaponiya va ularning ittifoqchisi Italiyaga qarshi turganligi haqida batafsil ma’lumotlar e’lon qilingan.
Shunga qaramasdan ayrim g‘arbdagi siyosatchilar va jamoatchilik siyosiy konyukturadan kelib chiqqan holda o‘z fikrlarini o‘zgartirdi. Urush tugagach, g‘arb jamiyati kommunistik mafkura asosiga qurilgan Sovet Ittifoqini komunistlarga bo‘lgan nafrati sabab loyga belashga kirishib ketdi va SSSRni fashizmning sherigi deya ayblay boshladi. G‘arbliklar uchun Germaniya va Sovet Ittifoqi o‘rtasida 1939-yilda Hujum qilmaslik haqidagi bitimning mavjudligi asos bo‘ldi. Vaholanki, Hujum qilmaslik haqidagi bitim Sovet Ittifoqi va Germaniya o‘rtasida imzolangan bitimdan bir yil oldin 1938-yilda Germaniya va Fransiya o‘rtasida ham imzolangan edi.
Agar tarixga nazar solinsa, Gitlerning 1933-yilda hokimiyat tepasiga kelgach avj olgan ekspansion g‘oyalari Buyuk Britaniya, Fransiya, AQShning harakatsizligi va loqaydligi zamirida yuz berdi. Sovet Ittifoqi esa 1935-yilning o‘zida kuchayib borayotgan fashizmning oldini olish borasida fashizmga qarshi turish uchun ittifoq tuzish taklifini ko‘targan edi. Biroq ingliz va fransuz hukumati tahlika solayotgan fashizmni o‘zlaridan yiroq qilib, fashizmning kuchini sharqqa qaratish maqsadida Sovet Ittifoqi bilan ittifoqchi bo‘lish g‘oyasidan bosh tortdi va millionlab insonlarning qurbon bo‘lishiga sababchi bo‘lgan Myunxen bitimini imzolashdi.
1938-yilda imzolangan mazkur bitim natijasida Chexiyaning Sudet viloyatini Germaniyaga berishga rozilik bildirdi. Germaniya esa belgilangan muddatni kutmasdan ham Chexoslavakiyaga bostirib kirdi. SSSRning Germaniya bilan imzolagan Hujum qilmaslik haqidagi bitimi esa Myunxen bitimidan so‘ng Sovet davlatiga vaqtdan yutish imkonini beradigan choradan boshqa narsa emas edi.
Germaniya va SSSRning Polshani bo‘lib olish maqsadida hujum qilishi bu g‘arbliklarning faktlarni buzib ko‘rsatishdan boshqa narsa emas. Hujum qilmaslik bitimiga muvofiq Polsha hududi Germaniya va SSSR o‘rtasidagi betaraf hudud sifatida amal qilishi kerak edi. Biroq g‘arblik siyosatchilar negaddir Myunxen bitimini esga olishni unutib qo‘yadi.
AQSh va unga hayrihoh g‘arb mamlakatlari SSSRni aybdor qilishga jon jahdi bilan kirishib ketganki, tarix xolislikni yoqtiradi degan fanning bosh tamoyili ham unut bo‘lgan. Fan va mafkura aralish ketgan joyda esa haqiqatni anglash, uni tushunish murakkablashib ketadi. Oq va qora aralib ketgach esa kelajak avlod qayerda haqiqat boshlanib, qayerda yolg‘on tugashini bilmay, o‘tmishning xatolarini takrorlashi esa mudhish jinoyatlarga yo‘l ochib beradi.
Sovet Ittifoqining ham o‘ziga xos yutuq va kamchiliklari bor edi, albatta. Ammo Sovet Ittifoqi doim antifashizmga qarshi matonat bilan kurashgan tuzum sifatida gavdalanib qolaveradi. O‘z navbatida Rossiya Xitoy uchun xitoylik kommunistlarning ideali sifatida tarixda muhrlanadi. Bugun esa Sovuq Urush tugagtilgan xalqaro hamjamiyat ko‘p qutbli jamiyat qurishni o‘z maqsadi sifatida belgilar ekan, mafkuraviy so‘z janglari g‘arb va sharq o‘rtasiga nizo solaveradi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.