Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh shifokori Baxtiyor Boltaboyev o‘z kabinetida xodimlarini so‘kayotgani aks etgan video tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2-iyun, seshanba kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, mutaxassislar tomonidan videodagi holat o‘rganildi. Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh shifokori Baxtiyor Boltaboyevning qo‘l ostidagi xodimlari bilan o‘ta qo‘pol va axloqiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan tarzdagi suhbati muhokama qilinib, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rilgan.

“Bosh shifokor sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, mazkur agentlik direktori Bahodir Yusupaliyevning tegishli buyrug‘i bilan o‘z vazifasidan ozod etildi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, ayni paytda agentlik tomonidan Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi faoliyatini tubdan o‘zgartirish, ish samaradorligini oshirish, hududda sanitariya va epidemiologiya holatini yanada yaxshilash kabi vazifalarga qat’iy e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, Baxtiyor Boltaboyev o‘z xodimlaridan, hamkasblaridan va kasaba uyushmalari xodimlaridan uzr so‘radi.