Buxoroda xotini bilan janjaliga aralashib, uni haqorat qilgani uchun er o‘z qaynsinglisini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Shavkat Rahimov turmush o‘rtog‘i Anora Rahimova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) bilan turmushining so‘nggi paytlarida umuman kelishmay qolgan. Arzimagan narsadan chiqqan tushunmovchilik katta janjalga aylanib ketgan. Shundan keyin ayol bolalarini olib, qizlik uyiga ketib qolgan.

Qayd etilishicha, ular 2007-yilda turmush qurgan bo‘lib, ikki nafar farzandi bor. O‘zaro kelishmovchilik natijasida ayol 2015-yilning mart oyida erini sudga bergan va ular ajrashib, er bolalari uchun aliment to‘lab kelgan. Keyinchalik ular yana yarashib, birga yashay boshlagan.

Shavkat Rahimov pul topish maqsadida Toshkentning turli joylarida ijarada yashab, mardikorlik qilgan. 2019-yilning 14-fevralida Toshkentda mast holatda oyog‘ini sindirib olgan. Bu voqeadan so‘ng hech qayerda ishlamasdan, uyda yotib qolgan va shu sababli xotini o‘rtasida yana janjal kelib chiqib, bolalarni olib, onasining uyiga ketib qolgan.

U bir necha marotaba borib, uni olib kelishga harakat qilgan, ammo qaynana-qaynatasi yarashishlariga qarshilik qilgan. Qaynsinglisi Fazilat esa “O‘zi sening avloding buzuq, erkak emassan...”, deb haqorat qilgan. Ertasi kuni esa yana aliment uchun MIBdan qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

Shu kuni do‘sti bilan ovqatlanib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Mast holda bo‘lgan Shavkat Rahimov opasining tarafini olib, janjalga aralashmaganda allaqachon yarashgan bo‘lardik, degan o‘yda va haqoratlari uchun qaynsinglisidan alamini olish maqsadida undan qasd olishni rejalashtiradi.

Uyga kelib, oshxonadan pichoq olgan va qaynsinglisi Fazilat ishlaydigan Paynet shoxobchasiga borib, hech kim qolmagandan keyin uning oldiga yaqinlashgan. Ammo Fazilat uni ko‘rgan bo‘lsa-da, ko‘rmaslikka olgani, uning mensimayotganligi battar jahlini chiqarib, pichoq bilan unga tashlanib, tanasining duch kelgan joyiga pichoq sanchgan. Shu payt xonaga kirib qolgan odamlar ustiga turli buyumlarni uloqtirib, uni ajratib olgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi Shavkat Rahimov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topdi va unga shu modda bilan 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.