Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2020-yil 13-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi va keksa yoshdagi fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlarni inobatga olib, pensiyalar naqd shaklda to‘lanishi belgilangandi. Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi to‘lovlar qanday tartibda amalga oshirilishi haqida “Daryo”ga ma’lumot berdi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Prezident tomonidan berilgan topshiriqqa muvofiq, 2020-yil iyun oyida pensiya va nafaqalar fuqarolarga avvalgidek naqd pul shaklida amalga oshiriladi. Bunda pensiyalarini naqd pulga qaytarilishi bo‘yicha fuqarolardan “Xalq banki” yoki Pensiya jamg‘armasiga ariza berish talab etilmaydi.

Ma’lum qilinishicha, naqd pulda pensiya to‘lovlari “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan karantin qoidalariga rioya qilingan holda pensionerlarning yashash manzillariga odatiy grafikka muvofiq har oyning 27-sanasiga qadar yetkaziladi.

Bank plastik kartasi orqali olishni davom ettirish mumkinmi?

Pensiyalarini bank plastik kartalari orqali olish istagini bildirgan (ariza bergan) hamda may oyidan avval bank kartasi orqali pensiya olib kelgan fuqarolarga to‘lovlarni iyun oyida ham bank plastik kartalari orqali to‘lab berish davom ettiriladi.

Avvalgi arizalariga muvofiq pensiyalarini qisman naqd va bank kartalari orqali olib kelgan fuqarolarga iyun oyidan pensiyalar ularning arizalarida belgilangan nisbatlarda amalga oshiriladi. Bank plastik kartalari orqali pensiya va nafaqa oluvchilarga mablag‘lar 3—8-iyun sanasida to‘liq moliyalashtirib berilishi rejalashtirilgan.

Pensiyalarni bank plastik kartasiga o‘tkazish uchun nima qilish lozim?

Fuqarolarning ovoragarchiliklari oldini olish maqsadida Pensiya jamg‘armasi va “Xalq banki” tomonidan hamkorlikda qo‘shma kelishuv imzolangan.

Bunda o‘z pensiyalarini bank plastik kartalariga o‘tkazish istagini bildirgan fuqarolarning ko‘chaga chiqishi talab etilmaydi. Ya’ni fuqarolar “Xalq banki”ning 1106 yoki Pensiya jamg‘armasining 1140 ishonch telefoniga murojaat qilishi kifoya. Ushbu murojaatga ko‘ra, “Xalq banki” sayyor kassasi tomonidan pensionerning yashash manziliga borilgan holda ariza va shartnoma rasmiylashtiriladi.

Pensionerlar uydan chiqmagan holda pensiya to‘lovini boshqaradi.

Bugungi kunda Pensiya jamg‘armasi tomonidan Markaziy bank va tijorat banklari bilan hamkorlikda pensionerlar tomonidan pensiya pullarini boshqarish imkonini beruvchi mobil ilova ishlab chiqilmoqda.

Ushbu mobil ilova yordamida pensionerlar uyali telefonlari orqali bank yoki Pensiya jamg‘armasiga bormagan holda bank plastik kartasini ochish hamda pensiyalarini ushbu bank kartasiga o‘tkazish uchun masofadan turib ariza berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, may oyidan boshlab pensiya, nafaqa va ish haqlarini to‘liq bank plastik kartalari orqali to‘lash boshlangan edi. Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari kartalarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar, kartalarni olish uchun “Xalq banki” filiallarida yuzaga kelgan uzoq navbatlar va pensiya to‘lovlaridagi kechikishlar, shuningdek, Humo kartalari yordamida to‘lovlarni amalga oshirishdagi murakkabliklar haqida ma’lum qilgan.

Markaziy bank pensiyalarni bank kartalari orqali yetkazib berish bo‘yicha ishlar kerakli darajada yo‘lga qo‘yilmaganini, bu esa aholi uchun qator noqulayliklarni yuzaga keltirgani va asosli e’tirozlarga sabab bo‘lganini tan olgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Navoiydagi ko‘p qavatli uylarda lift muammosi: aholi lift ishlamayapti desa, mas’ullar uning to‘xtatilishiga lift ichidagi o‘g‘rilik, fohishabozlik sabab demoqda
Mahalliy
“Daryo” kundaligida 26-sentabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
“Toshkent hokimligi barcha OAV vakillari bilan ishlashga tayyor va hozirjavob bo‘ladi”. Zoir Mirzayevning matbuot kotibi jurnalistlar bilan muloqot qildi