Shifokorlar Checheniston rahbari Ramzan Qodirov tuzala boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda Telegram’dagi Baza kanali xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, og‘ir ahvolda Moskvadagi kasalxonaga olib kelingan Qodirov sekin-asta tuzalmoqda. Uning organizmi koronavirusga qarshi kurashmoqda va terapiyani yaxshi qabul qilyapti.

Shifokorlar respublika yetakchisining sog‘ayib ketishiga ijobiy prognozlar berishga tayyor.

Ta’kidlanishicha, Ramzan Qodirov hozirda mustaqil palata bo‘ylab yurmoqda, musulmonlarga audio murojaat ham yo‘llagan. Uning ovozi yozilgan video o‘zining Telegram’dagi kanalida e’lon qilingan. Videoda faqatgina Qodirovning ovozini eshitish mumkin, o‘zi ko‘rinish bermagan, fonda faqatgina Grozniydagi masjid tasvirlangan.

“Pandemiya sabab bu barchamiz uchun og‘ir kunlar bo‘ldi, ko‘pchilik qo‘rquvga tushdi va bu tushunarli holat. Shuni aytmoqchimanki, Chechenistonda vafot etganlar soni o‘tgan yilgidan kam, to‘rt oy davomida yangi tug‘ilganlar soni esa ko‘proqni tashkil etmoqda”, — deydi Qodirov.

Uning fikricha, bu kabi natijaga erishishga mintaqa aholisining ehtiyot choralariga rioya qilganligi, jamoatchilikning bir-birini tushungani yordam bergan.

Eslatib o‘tamiz, Checheniston rahbari koronavirusga chalingani va u Moskvadagi kasalxonaga yotqizilgani haqida 21-may kuni ma’lum bo‘lgandi.

Ma’lumot uchun, Rossiya hukumatining to‘rt nafar a’zosi va prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov koronavirusga chalingan. O‘zining koronavirusga chalingani haqida birinchi bo‘lib 30-aprel kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin ma’lum qilgandi. 1-may kuni esa Rossiya qurilish vaziri Vladimir Yakushev va uning o‘rinbosari Dmitriy Volkovning koronavirusga chalingani ma’lum bo‘lgandi. 6-may kuni esa Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimovaning koronavirusga chalingani ma’lum qilindi.